Otaliqqa olingan yoshlar bilan ishlash amalda
Joriy yilning yanvar oyida Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, xususan, yosh avlodning qalbi va ongi uchun kurash kuchayib borayotgan hozirgi o‘ta murakkab sharoitda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning o‘rni hamda ular qalbida milliy ruhni shakllantirishning ahamiyati tobora ortib borayotganiga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur jarayonlarda Namangan viloyati adliya boshqarmasi hamda uning shahar, tuman hududiy bo‘limlari tomonidan “Mahallabay”, “Ko‘chabay” va “Xonadonbay” tizimi o‘rganilib, ularning o‘qishi va bandligini ta’minlash, muammolarini o‘rganish hamda o‘z vaqtida hal etish, harbiy-vatanparvarlik tadbirlarida samarali qamrab olish bo‘yicha rasmiy idoralar, mahalla va muassasalar, huquqni muhofaza qilish organlari, davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida tizimli sa’y-harakatlar qilinmoqda.


Masalan, Chortoq tumani adliya bo‘limiga tumandagi Navoiy, Iftixor, Beshkapa, Soxibkor, Bo‘lon mahallalarida istiqomat qiluvchi 2 ming 110 nafar yosh biriktirilgan. O‘rganishlar davomida aniqlangan muammolarning asosiy qismi ularning bandligini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lib, shundan 82 yosh ishga joylashtirildi. Xususan, Soxibkor mahallasidan Nozima Hakimova tumandagi 31-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotiga ingliz tili fani o‘qituvchisi vazifasiga ishga joylashtirildi.

Norin tumanida esa tuman adliya bo‘limiga biriktirilgan yoshlar uchun “Ochiq eshiklar kuni” hamda bo‘sh ish o‘rinlari “Mehnat yarmarkasi” tashkil etildi. Otaliqqa olingan yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan mazkur tadbirda yurtimizda yosh avlod uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, vatanparvarlik va fidoyilik tuyg‘ulari, qonunlarga itoatkorlik, kitobga muhabbat, ta’lim va tarbiyani muhim jihatlari haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, tuman tashkilotlaridagi kvota o‘rinlari yarmarkasida ikki nafar yosh doimiy ish o‘rniga ega bo‘lishi ta’minlandi. Bundan tashqari, “Ayollarga huquqiy ko‘mak” aksiyasi doirasida, tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi bilan hamkorlikda Qurama mahallasida yashovchi Shoira Mamadaliyeva va O‘zbekiston mahallasida istiqomat qiluvchi Sevara Dolimovaning bandligini ta’minlash maqsadida ularga subsidiya asosida chok mashinalari topshirildi.

Shuningdek, tadbirlar davomida tuman adliya bo‘limi Davlat xizmatlari va yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyati bilan tanishildi. Ta’kidlash joiz, Norin tumani adliya bo‘limiga 665 nafar yosh biriktirilgan bo‘lib, shu kunga qadar ular bilan yuzma-yuz muloqotlar olib borilgan. Ular bilan uchrashuvlarda 61 ta muammo aniqlanib, 56 nafar yoshning bandligi ta’minlashga erishildi.

Bugun har bir yoshni tinglash, ularning muammolariga yechim topishda rahbar, mutasaddilarning amaliy yordami katta samara bermoqda. Qolaversa, bu yoshlarning jamiyat va davlat hayotida o‘z pozitsiyasi borligi, yurt taraqqiyotiga daxldorligini his etishga ko‘maklashilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.