Ota-onangizga “uff” demang
Bugun yurtdoshlarimiz muborak Ramazon oyini tinchlik-xotirjamlikda oʻtkazib, ulugʻ oy ibodatlarini chiroyli tarzda ado etmoqda.
Bugun yurtdoshlarimiz muborak Ramazon oyini tinchlik-xotirjamlikda oʻtkazib, ulugʻ oy ibodatlarini chiroyli tarzda ado etmoqda.
Ayniqsa, xonadonlarimizdagi fayz-baraka, dasturxonimiz toʻkinligi Yaratganning biz bandalariga koʻrsatayotgan cheksiz rahmati, yurtimizda olib borilayotgan xayrli ishlarning, fuqarolarga koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlikning samarasi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Zotan, oramizda har bir kunini, har bir soniyasini oʻzgalar korini oson qilish, muhtojlarning koʻnglini koʻtarishga baxshida etayotgan koʻplab fidoyi insonlarning borligi ham saodatimizdir. Insonlarga imkon qadar yordam qoʻlini choʻzish va hojatlarini ravon qilish moʻmin banda uchun ulkan ajru savobdir.
Alloh oʻz kalomida shunday marhamat qiladi: “Yaxshilik va taqvo yoʻlida hamkorlik qiling. Gunoh va dushmanlik yoʻlida hamkorlik qilmang” (“Moida” surasi, 2-oyat). Islomda insonlarni xayrli va ezgu ishlarga boshlamoq, qilayotgan amallarida yaxshilikning boshini tutmoq har bir bandaning burchi ekanligi aytiladi. Ayniqsa, yoshi ulugʻ kishilarimizning yoshlarga qilayotgan pandu nasihatlarini tinglab, amalda qoʻllab borsak, aslo adashmaymiz, hayotimiz yana-da goʻzal hamda farovon boʻladi.
Dunyoda savobga, yaxshilikka olib boradigan ishlar juda koʻp. Jumladan, ota-onaga yaxshilik qilish, aka-uka, qavmu qarindoshlar, qoʻni-qoʻshni, mahalla-koʻydagi yordamga muhtoj oilalar, yolgʻiz yashovchi keksalarga koʻmak berish yuksak insoniy fazilatdir.
Hazrati Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v) “Bir kishining ulovga minishida yordam berishing yaxshilik – ehsondir. Bir kishiga tabassum ila yaxshi soʻz aytishing ham yaxshilikdir, odamlarga aziyat beradigan narsani yoʻldan olib tashlashing ham yaxshilikdir, ikki kishi oʻrtasini adolat bilan isloh qilishing yaxshilikdir. Moddiy yordamga muhtoj oilaga muruvvat qilishing ham sen uchun yaxshilikdir. Kishiga bu kabi yaxshiliklarni ado etgani uchun Alloh unga qalb musaffoligini beradi, qolaversa, koʻp xayru savoblarga ega boʻladi”, deganlar.
An-Navvos ibn Samʼon Ansoriy (r.a)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (s.a.v)dan yaxshilik va yomonlik haqida soʻradim. Shunda u zot: ”Yaxshilik husni xulqdir. Yomonlik koʻksingda toʻqilgan va odamlar uni bilib qolishini yoqtirmagan narsangdir“, dedilar”.
Yaxshilik haqida keltirilgan taʼriflarning birida: “Yaxshilik –farzu vojiblarni qilish. Haromdan hazar qilish. Odamlarga ochiq chehra bilan qarab, ularga ehson qilish”, deyilgan.
Ezguliklarning eng ulugʻi ota-onaga yaxshilik qilishdir. Qurʼoni karimda: “Robbing faqat Uning Oʻzigagina ibodat qilishlikni va ota-onaga yaxshilik qilishni amr etadi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka yetsalar, bas, ularga ”uff“ dema, ularga ozor berma va ularga yaxshi soʻz ayt!” (“Isro” surasi, 23-oyat) degan. Darhaqiqat, banda uchun Allohga ibodatidan keyingi keladigan eng birinchi ish ota-onaga yaxshilik qilishdir.
Hofiz Abu Bakr al-Bazzor Buraydadan shunday rivoyat keltiriladi: “Bir odam ziyoratda onasini koʻtarib yurib tavof qildirayotgan ekan. U Paygʻambar Muhammad (s.a.v) huzuriga kelib: ”Onamning haqqini ado qildimmi?“ deb soʻrabdi. Shunda Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v): ”Yoʻq, bir oh tortishining haqqini ham ado qilganing yoʻq“, degan ekanlar”.
Demak, yaxshilik qilishni, muruvvatni, eng avvalo, ota-onamizdan boshlaylik. Ayniqsa, ular keksa yoshda boʻlsalar ulardan mehr-muhabbatimizni ayamaylik, ularni quvontiradigan ishlarimiz bilan koʻngillarini xushnud etaylik. Shirin soʻzimiz, chiroyli xizmatimiz bilan ularni xushnud eta olsak, har qanday ishlarimiz baroridan kelishiga aslo shubha yoʻq. Hayotda barcha-barchaga yaxshilik qilsak, aslo kam boʻlmaymiz. Qolaversa, Yaratganning ajru savoblariga erishamiz. Yaxshilikning katta-kichigi boʻlmaydi, deganlaridek yaxshiliklar, savobli amallar bardavom boʻlgan el-yurt mustahkam, tinch va osoyishta boʻlib, yana-da yuksaladi. Bunday diyorda insonlar bir-biriga mehrli, muruvvatli boʻladi.
Alloh taolo shu muborak Ramazon kunlarida barchamizning qalbimizga yaxshilik urugʻini sochsin, doimo yaxshi amallarni bajaruvchi, ota-onamizga, yaqinlarimizga mehr-oqibatli, muruvvatli, xushxulq bandalari qatorida boʻlishni nasib etsin.
Mirzamaqsud ALIMOV,
Andijon viloyati bosh imom-xatibi.