Ota-onalar uchun oddiy haqiqatlar
Bola tarbiyasi — mas’uliyatli va jiddiy jarayon. Ayniqsa, hozir yoz fasli— ko‘pchilik mehnat ta’tilida, oila davrasida. Farzand, oila, o‘sib kelayotgan yosh avlod, mamlakat va dunyo kelajagiga ta’sir etadi. Xo‘sh, to‘g‘ri tarbiya deganda biz nimani tushunamiz? Farzandingizga har qachon «Sen men uchun juda muhimsan», deb oxirgi marta qachon aytgansiz?
Farzandingizga qay darajada yaqinligingizni aynan ushbu so‘zlar orqali bildiring. Sizdagi yaxshi fazilatlar unga o‘tadi, mehri oshadi. «Noto‘g‘ri ish qilding», deb aytish bilan u to‘g‘ri yo‘lga tushadi.
«Sen barchasini to‘g‘ri qilding», deb aytish uni naqadar ruhlantiradi. Farzandingiz u bilan g‘ururlanishingizni bilsa, uning ijobiy ishlari o‘z-o‘zidan ko‘payib boraveradi va u bu ishlarni o‘zi sezmagan holda qiladi.
Ammo oilada bir necha nafar farzand bo‘lsa, birini ortiq ko‘rib, ikkinchisini past ko‘rish aslo kerak emas. Qiyoslash oiladan tashqaridagi bolalar bilan bo‘lishi kerak.
Bolangiz his-tuyg‘ularini sizga oshkora etolsin. «Ko‘z yoshingni art», deb ayting. Yig‘lash foydali, ammo farzandingiz ko‘z yoshini artib olg‘a intilish kerakligini ham anglashi kerak. Ularga oddiy bir haqiqatni uqdiring: «Darrov ko‘z yoshlaringni art, bo‘lmasa, ular senga osmondagi yulduzlarni tomosha qilishga xalaqit beradi».
SIZNI MEHRIBONLIGINGIZNI SEZISHSIN
Bolaga «Menga yordam bera olasanmi?», deb iltimos qilishingiz bilan uni shijoatini oshirgan bo‘lamiz. Ular sizni ma’nan yordamga muhtoj ekanligingizni sezishsin va yordam berishini anglab yetishsin. Bu ko‘nikmani ularda rivojlantiruvchi inson esa o‘zingiz. «Senga yordam kerakmi?», deng. Yordam berishda avval doimo ushbu savol bilan farzandingizga murojaat qiling.
KECHIRIMLIK INSONDAGI ENG AJOYIB XISLAT
Kichik rag‘batlardan, yutuqlar vujudga keladi, kichik yutuqlar izidan esa, katta omad keladi. Siz farzandingizga nisbatan noto‘g‘ri ish tutgan bo‘lsangiz, buni tan olishdan uyalmang. Shu tariqa siz bolangizga namuna sifatida zarur paytda aybni tan olish, uzr so‘rash, bu izza bo‘lish emasligini ko‘rsatasiz.
Bir ustoz shunday degan edilar: «Bir kuni xonamda turib, o‘zimcha fikrladim: «Hayotdagi muvaffaqiyat nima?», deb so‘radim va javobni ham o‘sha xonaning ichdan topdim. Atrofimdagilar tilga kirdi. Shift – «yuqoriga intil», dedi. Deraza – «ertani o‘yla», dedi. Soat – «vaqt qimmatbaho», dedi. Ko‘zgular – «o‘zingdan boshla», dedi. Eshik – «kuch bilan ochishga urin», dedi. Yer esa «orzularingga erishishni niyat qil, chunki Yaratgan harakat qilganni quruq qaytarmaydi», dedi.
Agar biz ham shunga o‘xshash ibratli gaplarni farzandlarga aytib tursak, bu bola tarbiyasi uchun nihoyatda muhim. Faqat uni o‘rnida qo‘llasak, samara beradi.
Baxtiyor KARIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi