Ota kasbin tutgan qiz bugun yurt xizmatida
4 mart — O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil topgan kun
Odatda qizlarning kasb tanlashi aksariyat hollarda onalarga qarab yo‘nalish belgilanadi. Ota kasbini tanlagan qizlar kamdan-kam topiladi. Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Samarqand shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limining kadrlar bo‘yicha ijrochisi, kichik serjant Nilufar Niyozova ana shunday kam sonli ota kasbini egallagan xotin-qizlardan biri. U 2005 yilda sobiq Samarqand avtomobil va yo‘llar kasb-hunar kollejini bitirib, Samarqand viloyati IIB Qo‘riqlash bo‘limi video kuzatuv pulti dispetcheri sifatida xizmatni boshladi.
[gallery-10814]
- Yoshligimdan otamga havas qilib, ichki ishlar tizimida ishlashni orzu qilib voyaga yetdim, - deydi N. Niyozova. – Otamning kasbiga bo‘lgan mas’uliyati, sadoqati, qat’iyati orzuimni maqsadga aylantirdi. Otam o‘z sohasining murakkabligini anglagan holda meni boshqa kasblarga qiziqtirishga harakat qilardi. Ammo kollejni bitirgach ahdimga sodiqligimni ko‘rgach o‘zlari qo‘llab-quvvatladi. Soha bo‘yicha zarur maslahatlarni berib xizmat mashaqqatlarini yengib o‘tishda yonimda tirgak bo‘lib keldi. Bugun nafaqada bo‘lsalarda har vaqt maslahatlari bilan xuddi xizmat vazifasini bajarayotgan xizmatchidek doim yonimda. Shu bois, qaysi vazifada ishlashimdan qat’iy nazar faqat olg‘a intilaman va maqsadimga erishaman. Bu yo‘lda otamning o‘gitlari, yo‘l-yo‘riqlari menga qanot bag‘ishlaydi. Ota kasbini tutgan hech qachon qoqilmaydi.
bugungi kunda mas’uliyatli tizim – Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida 2020 yildan boshlab turli vazifalarda faoliyat yuritib kelayotgan Nilufar Niyozova hamkasblari orasida o‘zining kasbga bo‘lgan mas’uliyati, bilimi, zukkoligi bilan hurmat, e’tibor qozongan. U xizmatdoshlari bilan turli tanlovlarda ham faol ishtirok etib keladi.
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA