Ota farzandi uchun 12 yillik alimentni to‘lab berdi
Majburiy ijro byurosi Yunusobod tuman bo‘limi tomonidan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida ota 12 yillik aliment pulini oldindan to‘lab berdi.
Ish hujjatlariga ko‘ra, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining 2023-yil 9-fevraldagi buyrug‘iga asosan, qarzdor J.R.dan undiruvchi R.Q. foydasiga voyaga yetmagan farzandi ta’minoti uchun har oylik daromadining 1/4 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan edi.
Biroq qarzdor ota uzoq vaqt davomida majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlab kelgan. Davlat ijrochisi tomonidan qarzdorning yashash manziliga borilganda uni topish imkoni bo‘lmagan va shu sababli 2025-yil 23-iyul kuni unga nisbatan rasman qidiruv e’lon qilingan.
Olib borilgan qat’iy ijro harakatlari va qidiruv tadbirlari o‘z samarasini berdi. Dastlab otaning to‘planib qolgan 43 million 88 ming so‘mlik aliment qarzdorligi to‘liq undirildi.
Bundan tashqari, MIB Yunusobod tuman bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan olib borilgan huquqiy tushuntirish va targ‘ibot ishlari natijasida ota farzandining kelajagi va moddiy ta’minoti uchun aliment pullarini oldindan to‘lab qo‘yish istagini bildirib, ariza bilan murojaat qildi.
Shunga ko‘ra, farzand voyaga yetguniga qadar, ya’ni 2026-yil 1-apreldan 2038-yil 28-yanvargacha bo‘lgan davr uchun jami 531 million 772 ming so‘m aliment puli hisob-kitob qilindi. Mazkur mablag‘ ota tomonidan onaning bank plastik kartasiga biryo‘la to‘liq o‘tkazib berildi va ijro ishi amalda tamomlandi.
Hamroz Bayonov, O‘zA