Ota bolalaridan aliment undirmaydigan bo‘ldi
Ota-onalar farzandlarining chin inson bo‘lib ulg‘ayishlarida, ta’lim-tarbiya olishlarida o‘z kuch-g‘ayratlarini sarflashadi.
O‘g‘il-qizlarining axloqli odobli, ilmli-ma’rifatli bo‘lishlari uchun bor imkoniyatlarini ayashmaydi.
Shuning uchun ularning bu xizmatlarini bilish va qadriga yetish, buning shukronasi uchun ularga itoatda bo‘lish, farzandlik burchini o‘tashga hamisha shay turish lozim.
Chunki adolat mezoni ularning bu g‘amxo‘rlik va xizmatlarini munosib taqdirlashni taqozo etadi.
Milliy qonunchiligimizga binoan, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bo‘lgan o‘z ota-onalariga ta’minot berishlari va ular to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishlari shartligi belgilab qo‘yilgan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 66-moddasida, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburliklari haqida alohida band mavjud.
Ota-onaning davlat va nodavlat muassasalari qaramog‘ida ekanligi voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalarning ota-ona haqida g‘amxo‘rlik qilish va ularga moddiy yordam ko‘rsatish majburiyatidan ozod qilmaydi.
Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar o‘z ota-onalariga ixtiyoriy ravishda moddiy yordam berishdan bo‘yin tovlasalar, ota-ona da’vosiga ko‘ra ta’minot sudning hal qiluv qaroriga asosan belgilanadi.
MIB Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan xabar berilishicha, Boyovut tumanida yashovchi ikki nafar fuqaro o‘z otasini qarovsiz va ta’minotsiz qoldirganligi uchun ota noilojlikdan farzandlarini sudga berishga majbur bo‘ladi.
«Fuqarolik ishlari bo‘yicha Boyovut tumanlararo sudining qarzdor Sh.B va Sh.S.ning har biridan undiruvchi Sh.A.ning foydasiga har oyda qat’iy summada 120 000 so‘mdan (nafaqa) aliment puli undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati Majburiy ijro byurosining Boyovut tuman bo‘limi ish yurituvida kelib tushgan va O‘zbekiston Respublikasi «Sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunining 23-moddasiga ko‘ra ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, qarzdorlarga tanishtirilgan.
Qarzdorlarning mulkiy holatini tekshirish maqsadida tegishli idora va tashkilotlarga so‘rovnomalar yuborilgan va olingan ma’lumotlarga ko‘ra, uning nomida mol-mulki mavjud emasligi aniqlangan va davlat ijrochisi tomonidan 05.01.2020 yilda qarzdorlarning O‘zbekiston Respublikasi hududidan chetga chiqish huquqlari vaqtincha cheklangan.
Ijro harakatlari davomida MIB xodimlari o‘zlarining muhim va samarali taktikasiga qo‘l urishdi, bu jarayonga yarashtirish ishlari bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borishdi va o‘z natijasini berdi ota-bolalar ya’ni, undiruvchi Sh.A. qarzdorlar Sh.B. va Sh.S.lar yarashtirildi.
Shu tariqa kamdan-kam uchraydigan aliment ishi tamomlandi.
O‘zA