Ota alimentdan qarzini to‘lab berdi
Majburiy ijro byurosi Andijon viloyati boshqarmasi, uning shahar, tuman bo‘limlari tomonidan aliment bilan bog‘liq ijro hujjatlari ijrosini ta’minlash, aliment pullarini o‘z vaqtida undirish borasida zarur ishlar olib borilmoqda.
– Aliment undiruvlari ortida voyaga yetmagan shaxslarning huquq va manfaatlari turadi, – deydi MIB Izboskan tumani bo‘limi boshlig‘i Mahsudjon Alimov. – Shu bois ham, aliment bilan bog‘liq ijro ishlari alohida nazoratga olinmoqda.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Izboskan tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan, qarzdor fuqaro R.N.dan fuqaro Z.T. foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandi uchun daromadining 1/4 qismi miqdorida aliment undirilishi ko‘rsatilgan.
Aliment to‘lovlari o‘z vaqtida to‘lab borilmagan. Shu sababli qarzdorlik yig‘ilib qolgan. Bo‘lim davlat ijrochilari tomonidan qarzdor otaga aliment to‘lovlariga befarqlik bilan qarash, farzandni ta’minotsiz qoldirish qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishi tushuntirildi. Qolaversa, uning sobiq turmush o‘rtog‘i to‘lanmay kelinayotgan aliment puli undirib berilishini so‘rab murojaat qilgan edi.
Olib borilgan ijro harakatlari, tushuntirishlar natijasida qarzdor to‘lamay kelayotgan aliment pullarini to‘la to‘lashini bildirib, 4 ming 500 AQSH dollari ko‘rinishida pullarni undiruvchi Z.T.ga topshirdi. Shu tariqa ijro ishi tamomlandi.
Farzand ta’minoti uchun moddiy yordam ko‘rsatish har bir otaning ham insoniy, ham qonuniy burchi hisoblanadi. Otalar ana shu burchni aslo unutmasliklari, har qanday vaziyatda zimmalaridagi mas’uliyatni ado etishi lozim.
F. Ubaydullayev, O‘zA muxbiri