Osuda yurtning fayzli mushoirasi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligiga bag‘ishlab “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” mavzusida mushoira tashkil etildi.
Milliy kutubxona direktori Umida Teshaboyeva, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid tinch va osoyishta yurtimizda milliy adabiyot, ma’naviyat va ma’rifat rivojiga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
–Bunday she’riyat bayramlari xalqimizni adabiyotga yanada yaqinlashtirishda alohida ahamiyat kasb etadi, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid. – Adabiyot bor ekan, uning muxlislari bor ekan, she’riyat davom etaveradi. Yaqin kunlarda turkiy davlatlar yozuvchi va shoirlarining uchrashuvlarini o‘tkazish rejamizda bor. Shu bilan birga, Koreya Respublikasi ijodkorlari bilan ham uchrashuvlar tashkil etish niyatimiz bor. O‘ylaymanki, bunday mushoiralar xalqimiz kayfiyatiga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishlaydi. Shu bilan birga, ijod ahlini yangi-yangi parvozlarga undaydi.
–Mushoirada shoir ahli bir-biriga ro‘baro‘ keladi, yangi chashmalar uyg‘onadi, – dedi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Sharifa Salimova. – Yoshligimizda shunday mushoiralarni yayrab ko‘rganmiz. Bugungi yorug‘ kunlar bironta kitobga sig‘maydi. She’r – yurakning so‘zlari. Bu yerga dil so‘zlarini xalqqa yetkazadigan ijodkorlar yig‘ilgan. Bugun adabiyotimizga yosh iste’dodlar kirib kelmoqda. Ular ham shunday uchrashuvlardan o‘zlariga ruh, ilhom oladilar. Shu Vatanni yurakdan seva olganimizni satrlarimizda kitobxonlarga yetkazish bizning burchimizdir.
Mushoirada Vatan, istiqlol, yurtimizdagi yangilanish jarayonlari, beg‘ubor tuyg‘ularni tarannum etuvchi she’rlar yangradi.
N.Usmonova,
O‘zA