Osiyoda hamkorlik va ishonch yo‘lida
Ostona shahrida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari kengashining oltinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. 50 yaqin mamlakat, mintaqaviy tashkilot delegatsiyalari ishtirok etgan yig‘ilishda qit’aning siyosiy va iqtisodiy, ijtimoiy rivojlanishi tendensiyasi, taraqqiyotga salbiy ta’sir etayotgan omillar, xavfsizlikni ta’minlash holati, ekologiya masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston rahbari Qozog‘istonning Kengashga 2024 yilga qadar raislikni davom ettirish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Shavkat Mirziyoyev Kengashning 30 yillik faoliyatiga baho berib, ushbu tuzilma xavfsizlikni ta’minlash, Osiyoda o‘zaro ishonch va barqaror taraqqiyotni mustahkamlash bo‘yicha keng, ochiq muloqot uchun g‘oyat zarur, muhim maydon sifatida namoyon bo‘lganini ta’kidladi.
Bundan tashqari O‘zbekiston forumni transformatsiya qilish masalasi bo‘yicha qo‘shma faoliyatda ishtirok etishga tayyorligini ham bildirdi.
Anjuman ishida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish, sohada xavfsizlikni ta’minlash, BMT global aksil terror strategiyasini amalga oshirish rejasi, Quvayt davlatiga ishtirokchi maqomini berish, 2022-2024 yillarda Qozog‘istonning raisligi, navbatdagi sammitni o‘tkazish hamda Kengashni transformatsiya qilish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida mintaqada va global miqyosda ahamiyatli muammolarga baho berib, muammolarni yechish bo‘yicha Osiyo qit’asi uchun strategik ahamiyatga ega takliflar bilan chiqdi.
Birinchidan, xalqaro tizimda noaniqlik kuchayib borayotgani, davlatlararo munosobatda o‘zaro ishonch va muloqot kamayishi ko‘p tomonlama hamkorlikka salbiy ta’sir etib, natijada joylarda turli darajadagi nizolar avj olishi, iqtisodiyotda tizimli uzilish kelib chiqishiga shart-sharoit yaratilmoqda. Bu jarayon, o‘z navbatida, yangi geosiyosiy reallikni keltirib chiqarib, mintaqa barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Prezidentimiz ayni jihatlarga urg‘u berib, bunday salbiy holatlar Markaziy Osiyo davlatlariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxl qilayotgani, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakat samarasini pasaytirayotganini ta’kidladi.
Ikkinchidan, davlatimiz rahbari sammit ishtirokchilari diqqatini Afg‘onistondagi vaziyatni e’tibordan chetda qoldirmaslikka qaratdi. Ushbu masala alohida yondashuv talab qilishi, bu borada Afg‘oniston muvaqqat hukumati bilan hamkorlik bo‘yicha umumiy va muvofiqlashtirilgan pozitsiya tanlanishi zarurligini sammit kun tartibiga qo‘ydi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev afg‘on muammosi yuzasidan keng konsensusga erishish va xalqaro darajada amaliy chora-tadbirlar qabul qilish maqsadida Afg‘oniston hukumati bilan tomonlar majburiyatini bosqichma-bosqich bajarish algoritmini tayyorlash va kelishish masalasini o‘rtaga qo‘ydi.
Prezident bu boradagi ishlarni faollashtirish uchun yuqori darajadagi xalqaro muzokara olib boruvchi guruh shakllantirish tashabbusi bilan chiqdi. Buning uchun Osiyo mamlakatlarining BMT Bosh assambleyasiga qo‘shma murojaati imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi Kengash ishtirokchilari e’tiborini jahonda keyingi yillarda yuzaga kelgan yirik muammolar natijasida afg‘on masalasi ikkinchi darajaga tushib qolgani hamda o‘ttiz yil muqaddam ushbu davlat amalda xalqaro terrorchilik makoniga aylanib qolgani bilan bog‘liq achchiq tajriba qayta takrorlanishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligiga qaratdi.
- Uchinchidan, keyingi yillarda dunyo bo‘ylab radikal g‘oyalar tarqalishi xuruji oshib bormoqda, radikal g‘oyalarni shakllantirish va tarqatishda zamonaviy usullar, texnologiyalardan foydalanilmoqda, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Buzg‘unchi kuchlar targ‘ibot va mafkuraviy ta’sirning yangi uslublaridan foydalangan holda ekstremistik tashkilotlarga yoshlarni faol jalb etmoqda. Shu munosabat bilan yosh avlodni radikalizmdan asrash, ularning kuch-g‘ayrat va shijoatini bunyodkorlik sari yo‘naltirish uchun tizimli hamkorlik o‘rnatishimiz kerak. O‘g‘il-qizlarimiz o‘z kuchiga ishonishi, adolatli kelajakni qaror toptirishda ishtirok etishi zarurligini his etishi, o‘z salohiyati, umidlarini ro‘yobga chiqarish imkoniga ega bo‘lishi lozim.
Prezident bu muammolarni Osiyo miqyosida bartaraf etish yo‘li sifatida yoshlarning eng dolzarb muammolariga birgalikda yechim izlashga ko‘maklashuvchi yangi format – “Avlodlar muloqoti”ni yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi. Mamlakatimiz yosh yetakchilar forumi doirasida bunday ilk uchrashuvni 2023 yil aprel oyida Samarqandda o‘tkazishga tayyorligini ham aytib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari nutqi yakunida zamonaviy tahdidlarni faqat muloqot, bir-biri manfaatini hisobga olish, umume’tirof etilgan xalqaro huquq me’yoriga amal qilish orqali samarali yengib o‘tish mumkinligiga ishonch bildirdi: “Aynan shuning uchun ham biz ilgari surgan umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida hamjihatlik borasidagi Samarqand tashabbusining asosiy maqsadi insoniyat kelajagi uchun befarq bo‘lmagan, tinchlik, totuvlik va birgalikda gullab-yashnash uchun intilayotgan barcha sog‘lom kuchlarni amaliy muloqotga jalb etishga qaratilgan”.
Sayfiddin Jo‘rayev,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori, siyosiy fanlar doktori,
O‘zA
(A.G‘ulomov)