Osiyo gimnastika yulduzlari Toshkentda
Toshkent shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha kattalar o‘rtasida Osiyo chempionati boshlandi.
Toshkent shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha kattalar o‘rtasida Osiyo chempionati boshlandi.O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Gimnastika federatsiyasi hamkorligida Xalqaro gimnastika federatsiyasi va Osiyo gimnastika ittifoqi shafeligida tashkil etilgan nufuzli musobaqada O‘zbekiston, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya, Gonkong, Hindiston, Indoneziya, Malayziya, Tailand, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlar sportchilari ishtirok etmoqda.
Badiiy gimnastika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zaxirasi sport maktabida chempionatning tantanali ochilish marosimi bo‘ldi.
O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vaziri Bahodir Ahmedov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan g‘amxo‘rlik tufayli O‘zbekistonda yangi iste’dodlar, mahoratli sportchilar yetishib chiqib, xalqaro maydonlarda mamlakat shon-shavkatini yanada yuksaltirayotganini ta’kidladi.
Qiz bolalarni ommaviy sportga jalb etish borasidagi ishlarning samaralari yuksak bo‘lmoqda. Bunda sportning qizlarga xos turlari, ayniqsa, badiiy gimnastikani yanada ommalashtirish, malakali murabbiyalar tayyorlash, ularning faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Gimnastika federatsiyasi ushbu sportning barcha asosiy turlari – sport gimnastikasi, badiiy gimnastika, trampolin, akrobatikani ommalashtirishga doir ishlarni izchil amalga oshirmoqda.
Mamlakatimizning barcha viloyatlarida gimnastika bilan shug‘ullanish uchun xalqaro talablarga javob beradigan markazlar tashkil etildi, ularda har kuni minglab o‘g‘il-qizlar ushbu sport turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Ularning eng iqtidorlilari gimnastika bo‘yicha o‘smirlar va milliy terma jamoalar safiga jalb etilmoqda. Nafaqat sport komplekslari va ixtisoslashtirilgan sport maktablari, balki umumta’lim maktablarining sport zallari ham zamonaviy gimnastika inventarlari bilan jihozlangan.
2011 yilda Badiiy gimnastika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zaxirasi sport maktabi tashkil qilinishi mamlakatimiz sportchilarining turli nufuzli musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishi va yurtimizda yirik turnir va chempionatlarni yuqori saviyada o‘tkazish imkonini bermoqda.
– O‘zbekistonda ko‘plab sohalar singari sportni, jumladan, bolalar va xotin-qizlar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor yuksak samaralar berayotir, – deydi Tailand terma jamoasi murabbiyi Teyerachai Prasertsri. – Buni Toshkent shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha nufuzli xalqaro musobaqalar muntazam ravishda o‘tkazilayotgani, O‘zbekistonda barcha sport anjumanlarini yuksak saviyada tashkil etish bo‘yicha katta tajriba to‘planganida ham ko‘rish mumkin.
Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha o‘tkazilgan litsenzion musobaqada gimnastikachilarimiz munosib ishtirok etib, XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Sport gimnastikasi ustalari Anton Fokin va Oksana Chusovitina, trampolinchi Yekaterina Xilko, badiiy gimnastikachilar Anastasiya Serdyukova shaxsiy bahslarda, Samira Amirova, Valeriya Davidova, Luiza G‘aniyeva, Zarina Qurbonova va Marta Rastoburovadan iborat jamoamiz jamoaviy bahslarlarda Olimpiadada qatnashish huquqiga ega bo‘ldi.
Toshkent shahrida boshlangan badiiy gimnastika bo‘yicha Osiyo chempionatida qit’amizning eng kuchli 160ga yaqin gimnastikachisi o‘z mahoratini namoyish etmoqda.
Chempionatning shaxsiy bahslarida Vatanimiz sharafini Maftuna Quvondiqova, Yelizaveta Nazarenkova, Jasmin Yusupova va Sabina Toshkenboyeva singari gimnastikachilarimiz himoya qilmoqda. Guruh bahslarida Komila Rustamova, Farangiz Shodiyeva, Matluba Rashidova, Karina Tog‘ayeva, Omina Qosimova va Anna Tendan iborat jamoamiz qatnashmoqda.
Chempionatning ochilishida san’at ustalari, estrada yulduzlari ijrosida katta konsert namoyish etildi.