Osiyo faol ayollari korrupsiyaning xotin-qizlar iqtisodiy imkoniyatlariga ta’siriga chek qo‘yish masalasiga e’tibor qaratdi
Osiyo xotin-qizlari ikkinchi forumida xotin-qizlar huquq va manfaatlariga qaratilgan muhim masalalarga e’tibor qaratildi.
Forum doirasida “Xotin-qizlarning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash – barqaror bandlik, tadbirkorlik va muvozanatlashgan mintaqaviy o‘sish omili” mavzusida sessiya o‘tkazildi.
Unda jahon va mintaqada mehnat bozorlari transformatsiyasi sharoitida xotin-qizlarning iqtisodiy faolligi va tadbirkorlik salohiyatini oshirish, ularning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish orqali barqaror o‘sishni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Xotin-qizlarning mehnat bozori va biznesdagi ishtirokini kengaytirish, munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, daromadlardagi gender tafovutni qisqartirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekani qayd etildi.
Muhokamalar davomida parvarish iqtisodiyotini rivojlantirish, oilaga yo‘naltirilgan mehnat siyosati, norasmiy bandlikni qisqartirish, ijtimoiy himoya mexanizmlarini kuchaytirish va xotin-qizlarni munosib mehnat bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Raqamli transformatsiya, innovatsiyalar va yangi texnologiyalar xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Sessiyada, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish, samarali amaliyotlar almashinuvi, qo‘shma ta’lim va tadbirkorlik dasturlarini amalga oshirish, mehnat standartlari va himoya mexanizmlariga yondashuvlarni uyg‘unlashtirish masalalari yuzasidan takliflar bildirildi.
“Ilm-fan, ta’lim, ekologiya, innovatsiya va sun’iy intellekt sohalarida xotin-qizlar: yangi avlod imkoniyatlari” mavzusidagi sessiyada xotin-qizlarning zamonaviy ilm-fan va texnologiya sohalaridagi ishtiroki, ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda bu yo‘nalishdagi xalqaro tajriba muhokama qilindi.
Xotin-qizlarni STEM ta’limiga jalb etish, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasida ularning salohiyatini rivojlantirish, ekologik tashabbuslardagi ishtiroki hamda texnologiyalar orqali sodir etiladigan gender zo‘ravonlikka qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, qizlarni sifatli ta’limga keng jalb etish, zamonaviy kasb va ko‘nikmalarni egallashi uchun shart-sharoit yaratish, shuningdek, ularni ilmiy tadqiqotlar va texnologik startaplarga faol jalb qilish barqaror taraqqiyotning muhim omili hisoblanadi.
“Xotin-qizlarning ijtimoiy himoyasi va huquqiy kafolatlarini mustahkamlash hamda raqamli muhitda xavfsizligini ta’minlash: barqaror va inklyuziv jamiyatni shakllantirishning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusidagi sessiyada O‘zbekistonning xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish, kibermakondagi tahdidlarga qarshi samarali mexanizmlarni joriy etish borasidagi tajribasi, shuningdek, Osiyo davlatlari bilan mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Korrupsiyaning ayollarning iqtisodiy imkoniyatlariga ta’siri, raqamli muhitda gender zo‘ravonlikning oldini olish, intellektual mulk huquqlarini himoya qilish va ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Sessiya yakunlari bo‘yicha mazkur yo‘nalishlarda xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va aniq amaliy mexanizmlarni joriy etishga kelishib olindi.
Norgul Abduraimova, O‘zA