Osiyo chempionatiga qur’a tashlandi
2016-yilning 10-21-fevral kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan mini-futbol bo‘yicha Osiyo chempionatiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
2016-yilning 10-21-fevral kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan mini-futbol bo‘yicha Osiyo chempionatiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni, jumladan, futbol va mini-futbolni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor o‘z samaralarini berayotir. Mazkur sport turlari bo‘yicha terma jamoalarimiz qit’a va jahon chempionatlarida munosib ishtirok etayotgani, yurtimizda yirik musobaqalar muntazam tashkil etilayotgani buning dalilidir.
Tadbirda O‘zbekiston futbol federatsiyasi va Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi M.Usmonov uchinchi marta mini-futbol bo‘yicha Osiyo chempionatini o‘tkazish mamlakatimizga ishonib topshirilgani uchun Osiyo futbol konfederatsiyasiga minnatdorlik bildirdi va nufuzli musobaqani yuqori saviyada tashkil etish uchun barcha chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’kidladi.
Osiyo chempionatida qit’aning o‘n oltita terma jamoasi to‘rt guruhda ishtirok etadi. Musobaqada yuqori natija qayd etgan eng kuchli beshta jamoa Kolumbiyada o‘tkaziladigan jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Qur’a natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi “A” guruhida Livan, Qirg‘iziston va Saudiya Arabistoni terma jamoalari bilan bahslashadi.
“B” guruhidan Eron, Iroq, Xitoy va Iordaniya terma jamoalari joy oldi. “C” guruhiga Tailand, Vetnam, Xitoy Taypeyi va Tojikiston, “D” guruhiga Yaponiya, Avstraliya, Malayziya va Qatar terma jamoalari kiritildi.
Terma jamoamiz a’zolari guruhdagi dastlabki uchrashuvni 10-fevral kuni Saudiya Arabistoni terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.