Osiyo chempionlari aniqlandi
Poytaxtimizda bodibilding va fitnes bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda bodibilding va fitnes bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda mamlakatimiz Bodibilding va fitnes federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur musobaqada qit’amizning yigirmadan ziyod davlatidan uch yuz nafarga yaqin sportchi ishtirok etdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor, o‘sib kelayotgan yosh avlodning sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar qator sport turlari, jumladan, bodibilding va fitnesning ommalashishida muhim omil bo‘lmoqda.
Bodibilding va fitnes – dunyoda ommalashayotgan jozibador sport turlaridan. Bodibilding – tana mushaklarini rivojlantirish, degan ma’noni anglatadi. Fitnes – akrobatika va gimnastika mashqlarini o‘zida mujassam etgan sog‘lomlashtiruvchi harakatlardir.
– O‘zbekistonda sportning barcha turlari jadal rivojlanmoqda, – deydi tailandlik Somkiat Kerd-Anan. – Navbatdagi Osiyo chempionatining O‘zbekistonda o‘tkazilgani ko‘plab sport turlari qatori bodibilding va fitnes ham yoshlar o‘rtasida keng ommalashayotganidan dalolatdir.
Mamlakatimizning barcha hududida zamonaviy qulayliklarga ega trenajyor zallari va fitnes markazlari faoliyat yuritmoqda. 2006-yil tashkil etilgan O‘zbekiston bodibilding va fitnes federatsiyasi ushbu sport turini yoshlar o‘rtasida keng ommalashtirishga faol hissa qo‘shmoqda. Natijada Mixail Volinkin, Aleksandr Saxarov, Armen Pashikyan kabi mahoratli sportchilarimiz bodibilding bo‘yicha nufuzli xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilmoqda.
Musobaqada iqtidorli sportchimiz Mixail Volinkin bir yo‘la ikki medalni qo‘lga kiritdi. U yoshlar o‘rtasida vazni 80 kilogrammdan ortiq bo‘lgan sportchilar bahsida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Kattalar o‘rtasida vazni 100 kilogrammgacha bo‘lgan bodibildingchilar bahsida kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, vazni 90 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar o‘rtasida ishtirok etgan Pavel Umirzoqov yuksak mahoratini namoyish etib, Osiyo chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi. Aleksandr Saxarov chempionatda terma jamoamiz hisobiga navbatdagi kumush medalni keltirdi.
– Osiyo chempionatida oltin va kumush medallarini qo‘lga kiritganimdan xursandman, – deydi Mixail Volinkin. – Bu kabi ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishimiz davlatimiz rahbari Islom Karimov tomonidan biz sportchilarga har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratilgani tufaylidir.
Xotin-qizlar o‘rtasida o‘tgan musobaqalarda Malika Vaqqosova, Yelena Nurayeva va Yelena Jo‘rayeva kumush, Diana Ahmadqulova hamda Yelena Aitova bronza medalini qo‘lga kiritdi.