“Orzu qildim vafo ahlin ko‘ray deb...”
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi munosabati bilan adabiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
“Orzu qildim vafo ahlin ko‘ray deb..” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy kechada navoiyshunos olimlar, tadqiqotchilar, talaba-yoshlar, o‘quvchilar ishtirok etdi.
Kechada ta’kidlanganidek, Alisher Navoiydek buyuk zotlar necha asrlar o‘tsa hamki, insoniyatni yaxshilikka, ma’naviy-axloqiy kamolotga undab kelayotgani bilan nainki millatimiz, balki bashariyat uchun ham g‘oyat qadrlidir.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyevaning fikricha, ushbu ziyo maskanida alloma ijodini xalqimizga, ayniqsa, yoshlarga tobora yaqinlashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Uning besh dostoni elektron audio varianti yaratildi. Nodir va alohida qiymatga ega nashrlar bo‘limida Navoiy ijodiga mansub asarlar, mutafakkir bobomiz zamonida ko‘chirib yozilgan xattotlik namunalari ham saqlanadi.
[gallery-15817]
Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Qahramoni, zahmatkash navoiyshunos olima Suyima G‘aniyeva o‘z shaxsiy fondini ushbu kutubxona tasarrufiga o‘tkazgan ekan. Bugun Navoiy ijodini o‘rganish istagidagi tadqiqotchilar, olimlar, kutubxonaga kelgan kitobxonlar ushbu fonddagi materiallardan bemalol foydalanishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
– Nima uchun Navoiyga qalbimiz bilan bu qadar intilamiz? – dedi filologiya fanlari doktori Gulbahor Ashurova. – Sababi, ul zot o‘z ijodi, bebaho merosi, o‘lmas g‘oyalari, ibratli ishlari, saxovati, yurtparvarligi, xalqparvarligi bilan nainki tarixni, balki kelajakni munavvar etib turibdi. Navoiy ijodidagi uch jihatga asosiy e’tiborni qaratmoqchi edim. Birinchidan, ulug‘ alloma kattami, kichikmi, boymi yoki g‘aribmi, chiroylimi yoki xunuk, eng avvalo insonni sevdi, uni hurmat qildi. Ikkinchidan, Navoiy ijodida axloq juda mukammal, betakror tarzda yoritilgan. Uchinchidan, alloma shoir asarlarida komil inson g‘oyasi ustuvor. Shu sababli ham Navoiy asarlari o‘lmasdir. Shoir bobomiz turkiy tilni dunyo adabiyotiga, jahon minbariga olib chiqdi.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti Sohibaxon Umarovaning fikricha, Hirot adabiy muhitida ko‘plab asarlarning yaratilishiga Alisher Navoiyning bevosita va bilvosita ta’siri bo‘ldi. Xususan, Abdurahmon Jomiy bir qator asarlari Alisher Navoiyning do‘stona munosabati bilan yuzaga keldi.
Adabiy kechada Alisher Navoiy hayoti, ijodi, ibratli faoliyatiga oid videorolik namoyish etildi. Talaba va o‘quvchi yoshlar shoir g‘azallaridan namunalar o‘qidi. Tadbirda eng bilimdon ishtirokchi bolalarga kitoblar sovg‘a qilindi.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov(surat),
O‘zA