Ortiqcha dabdaba va hashamatdan voz kechish davri keldi (+video)
Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasida “Maromlilik – umummilliy harakat” mavzusidagi seminar-trening tashkil etildi.
Bugun internet tarmoqlarida ortiqcha hashamatga berilib, dabdabali to‘ylar qilayotgan, yig‘in va marosimlar o‘tkazayotganlarni ko‘rib qanchadan -qancha mablag‘lar havoga sovurilib ketayotganidan achinamiz. Albatta, bu kabi tadbirlarni, odamning g‘ashini keltiradigan turli udumlarni kiritishga urinayotgan qo‘shtirnoq ichidagi “targ‘ibotchilar”ni bir narsa qiziqtiradi – u ham bo‘lsa tashkilotchidan ko‘proq pul undirish. Ortiqcha hashamat balki ularning cho‘ntaklariga ko‘proq daromad keltirar, lekin bu bachkana marosimlarga ergashganlar uchun naf keltirmasligi aniq. Ana shunday salbiy illatlarning yoshlar o‘rtasida urchib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, mustaqil hayotga endigina qadam qo‘yayotgan yigit-qizlarning fikrini to‘g‘ri yo‘naltirish maqsadida respublikamizda turli seminarlar, uchrashuvlar, jonli muloqotlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasida tashkil etildi. “Maromlilik – umummilliy harakat” mavzusidagi seminar-treningda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professor-o‘qituvchilari, talabalar, tadqiqotchilar hamda yosh oila vakillari ishtirok etdi. Unda to‘y, oilaviy tantana, ma’raka va marosimlarni ixchamlashtirish, ortiqcha dabdaba va isrofgarchilikning oldini olish, milliy qadriyatlarni asrash, shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi huquqiy me’yorlar va ma’muriy javobgarlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Seminar-treningda filologiya fanlari doktori, professor Gulnoza Jo‘rayeva ma’ruza qilib, “Maromlilik” tushunchasining mazmun-mohiyatini aniq misollar orqali ochib berdi. Qayd etilganidek, to‘y va marosimlarning asl maqsadi boylikni ko‘z-ko‘z qilish yoki o‘zaro raqobatga kirishish emas, balki yangi oilani qo‘llab-quvvatlash, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni va yaqinlar o‘rtasidagi mehr-oqibatni mustahkamlash, milliy an’analarni ma’naviy mazmun bilan davom ettirishdan iboratdir.

Tadbir davomida bugungi kunda ayrim oilalarda to‘y va marosimlar bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlar, qarzga botish, “odamlar nima deydi?” degan ijtimoiy bosim, huda-behuda rasm-rusumlar, hashamatga berilish kabi holatlar jiddiy ijtimoiy muammolarga sabab bo‘layotgani aniq misollar va tahlillar orqali ko‘rsatib berildi. Ta’kidlandiki, ba’zi hollarda bir kunlik dabdabali marosim uchun sarflangan mablag‘ yosh oilaning uy-joy, ta’lim, kasb-hunar, tadbirkorlik yoki farzand tarbiyasi bilan bog‘liq muhim ehtiyojlardan ustun qo‘yilmoqda. Bu esa oilaviy barqarorlikka, yoshlarning kelajak rejalariga va jamiyatdagi ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatyotir.
Seminar-treningda to‘y va marosimlarni tartibga solishga oid amaldagi huquqiy asoslar ham tushuntirildi. Xususan, 2019-yil 14-sentabrdagi “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qaror hamda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 192-moddasi mazmuni haqida ma’lumot berildi. Mazkur modda talablariga ko‘ra, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazish tartibiga rioya etmaslik holatlari uchun fuqarolar, to‘yxona, kafe va restoranlarning mansabdor shaxslari javobgarlikka tortilishi mumkinligi belgilangan.
Amaldagi tartibga muvofiq to‘y va marosimlarni bir kun davomida soat 06:00 dan 23:00 gacha o‘tkazish, oilaviy tadbirlarda mehmonlar sonini me’yorida belgilash, nikoh bilan bog‘liq tadbirlarda ortiqcha avtomashinalardan foydalanmaslik, to‘yxona, restoran va san’atkorlar bilan shartnoma asosida ishlash kabi talablar yoshlarga tushuntirildi.
Shuningdek, “Marry me”, “Love story” kabi tadbirlar, ortiqcha karnay-surnaylar, dabdabali kortejlar, to‘ydan oldin va keyin o‘tkaziladigan keraksiz qo‘shimcha marosimlar, “kelin chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “quda chaqirdi”, “sep yoydi”, “tog‘ora yuborish” kabi dabdabali rasm-rusumlarning oilalarga iqtisodiy va ma’naviy yuk bo‘layotgani qayd etildi.Tadbirda “maromlilik” faqat to‘y xarajatlarini qisqartirish emas, balki jamiyatda ma’naviy me’yor, mas’uliyat va ongli tanlov madaniyatini shakllantirish ekani alohida ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan, yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish, oilaviy hayotga qadam qo‘yayotgan yigit-qizlarda moliyaviy savodxonlik, huquqiy madaniyat va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash muhim vazifa sifatida ko‘rsatildi.
Seminar-trening davomida xorijiy tajribalar ham tahlil qilindi. Jumladan, Shvetsiyadagi “logom”, ya’ni “na ortiqcha, na kam, me’yorida” tamoyili, Janubiy Koreyadagi “Small Shedding” – kichik to‘y harakati, Yaponiya va Germaniyadagi amaliy, ixcham hamda moliyaviy mas’uliyatga asoslangan yondashuvlar misol tariqasida keltirildi. Ushbu tajribalar orqali marosimning qadr-qimmati unga sarflangan mablag‘ bilan emas, balki uning ma’naviy mazmuni, samimiyati va oila kelajagiga xizmat qilishi bilan belgilanadi, degan fikr ilgari surildi. Tadbirda “Maromiylik” harakatini keng targ‘ib qilishda ta’lim muassasalari, mahalla, nuroniylar, FHDYO organlari, ichki ishlar profilaktika inspektorlari, yoshlar tashkilotlari hamda keng jamoatchilik hamkorligi muhim ekani qayd etildi. Ayniqsa, oliy ta’lim muassasalarida, maktablarning yuqori sinflarida, litsey, kollej va texnikumlarda maxsus tushuntirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish, yoshlar o‘rtasida “eng ibratli kamxarj to‘y” kabi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash zarurligi bildirildi.
Seminar-trening yakunida ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Yosh oilalar, talabalar va tadqiqotchilar to‘y va marosimlarda ortiqcha dabdaba o‘rniga ilm, ta’lim, uy-joy, tadbirkorlik va oilaviy barqarorlikka mablag‘ yo‘naltirish jamiyat uchun ancha foydali ekanini yaxshi tushunib yetdilar.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/uBe6w9mwJlY" title="Ortiqcha dabdaba va hashamatdan voz kechish davri keldi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov (video), O‘zA