O‘rta Chirchiqlik dunganlar Prezident saylovida faol qatnashmoqda
Asli kelib chiqishi Xitoyning Shensi viloyatidan bo‘lgan dunganlarning ko‘pchiligi hozir Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidagi "Do‘stlik" mahalla fuqarolar yig‘inida yashaydi. Ular xitoy tilining shensi lahjasida so‘zlashadi. Shu bilan birga, o‘zbek tilini ham yaxshi biladi.
Hududda 9 ta millat va elatlar do‘stona muhitda yashaydi. Ular orasida dungan elatiga mansub aholi ko‘pchilikni tashkil etadi. Jumladan, “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini ilgari xalq orasida “Dungan” mahalla nomi bilan mashhur edi.
Bugun Prezident saylovida mazkur millat vakillari mahallada tashkil etilgan 843-saylov uchastkasida o‘z konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanib ovoz berdi.
Asli O‘rta Chirchiqlik, Dungan madaniyat markazi rahbari Mane Savurov ham Prezident saylovida o‘zi tanlagan nomzodga ovoz berdi.

– Dunganlar o‘zbeklarga o‘xshab mehmondo‘st, to‘ylari bir biriga o‘xshab ketadi, – deydi M.Savurov. – bugungi Prezident saylovida ovoz berishga barchamiz hamjihat bo‘lib qatnashdik. Aslida bu bizning fuqarolik burchimizdir. Farzandlarimizni ham shu Vatanga sadoqat, o‘z burchiga mas’uliyat ruhida tarbiyalashga harakat qilamiz. Hozir millatlararo munosabatlarni rivojlantirish, bag‘rikenglik va insonparvarlik tamoyillari asosida tinchlik, totuvlikni mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash davlatimiz siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu yurtda tug‘ildim, oilamiz bilan tinch, farovon yashayapmiz. Bu biz uchun katta baxt. Bo‘lib o‘tayotgan Prezident saylovida har birimizning ishtirokimiz esa kelajagimizni o‘ylab tashlayotgan muhim qadamlarimizdir. O‘rta Chirchiqlik dunganlar Prezident saylovida faol qatnashmoqda.
Mazkur saylov okrugi raisi Maqsuda Muyassarovaning ta’kidlashicha, hududdan 1 ming 989 nafar fuqaro ro‘yxatga olingan. Ulardan 74 nafari saylovda ilk bor qatnashyapti. Ular orasida 600 nafar aholi dungan millatiga mansubdir.
A.Musayev, O‘zA