Orolbo‘yidagi yer maydonlari xatlovdan o‘tkazilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 30 mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga bo‘lgan tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasida yer maydonlari xatlov ishlari va “O‘zKAD” axborot tizimiga kiritish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Ushbu ishlarga Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmalari, shuningdek, respublika Aerogeodeziya markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limidan tashkil topgan ishchi guruhda 400 nafardan ortiq xodim jalb qilingan.

–Amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini oshirish va yer maydonlarining aniq o‘lchovlarini olish maqsadida viloyatlardan jami 25 nafar xodim geodezik texnikalar bilan jalb qilingan, – deydi Davlat kadastrlari palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi matbuot kotibi Paraxat Ajimuratov. – Yer resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, undan foydalanuvchilar va sug‘oriladigan ekin maydonlarining aniq hisobini olish maqsadida olib borilayotgan xatlov ishlarida so‘nggi texnologiyalardan, ya’ni, aeros’yomkalar, GPS o‘lchash uskunalari va planshetlardan natijali foydalanilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 16 million 656 ming 123 gektar yer maydoni mavjud bo‘lib, 468,8 ming gektar sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yer maydonida xatlov ishlari olib borilmoqda. Shundan bugungi kunda 258,6 ming gektarida ya’ni 56 foiz sug‘oriladigan yer maydonida xatlov ishlari yakunlandi.Tumanlarda olib borilayotgan xatlov ishlari ishchi guruh tomonidan muntazam nazorat qilinib, kunlik hisobot yuritilmoqda.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA