Orolbo‘yida “Yoshlar oyligi” tadbirlari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tumanlarida “Yoshlar oyligi” munosabati bilan turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari, sport musobaqalari tashkil etildi.
Jumladan, Nukus shahridagi markaziy Amfiteatrda “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida o‘tkazilgan konsert dasturida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yurtimiz yoshlariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi va yoshlarni bayram bilan qutladi. Shuningdek, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi bugungi kunda yaratilayotgan imkoniyatlar va e’tibordan har bir yosh samarali foydalanib, yurtimiz rivojiga munosib hissa qo‘shishini alohida ta’kidladi.
[gallery-18097]
Yuqori darajada o‘tkazilgan bayram tadbirida o‘zining iqtidori, qobiliyati bilan tengdoshlari orasida yuqori natijalarga erishgan, shuningdek, yurtimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan qator faol yoshlar “Umid uchquni” ko‘krak nishoni, Faxriy yorliqlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
30-iyun – “Yoshlar kuni” chin ma’noda yoshlarning sevimli bayramiga aylandi. Joriy yilda “Yoshlar oyligi” doirasida sport musobaqalari, bayram tadbirlari, ko‘ngil ochar va uchrashuv kechalari o‘tkazildi. Eng asosiysi, mazkur tadbirlar o‘zida minglab yoshlarni qamrab oldi.
Tadbir madaniyat va san’at ustalari, estradaning taniqli vakillari ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
Bayram tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T.Xudaybergenov ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari