Orol dengizining kichik yuragi (+video)
4-6-may kunlari Sudoche ko‘llar tizimi hududiga ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar hamda ekologiya sohasi mutaxassislari uchun press-tur tashkil etildi. Tadbir davomida ishtirokchilar Orolbo‘yi hududidagi eng noyob tabiiy maskanlardan biri bo‘lgan Sudoche-Akpeti ko‘llar tizimining ekologik ahamiyati, bioxilma-xilligi va boy hayvonot dunyosi bilan yaqindan tanishdilar.
Ma’lum bo‘lishicha, Sudoche ko‘llar tizimi Amudaryoning qadimiy irmoqlari va suv havzalari asosida shakllangan bo‘lib, bugungi kunda Markaziy Osiyodagi muhim suv-botqoq ekotizimlaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Hudud ayniqsa migratsion qushlar uchun tabiiy maskan vazifasini bajaradi.
Press-tur davomida ishtirokchilarga hududda uchraydigan flamingo, oqqush, pelikan, yovvoyi o‘rdak, g‘oz, baliqchi qushlar hamda noyob yirtqich qush turlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, bahor va kuz mavsumida minglab migratsion qushlarning ushbu hududga qo‘nishi Sudoche ko‘llar tizimining xalqaro ekologik ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Bundan tashqari, ko‘llar atrofi va qamishzor hududlarda tulki, chiyabo‘ri, qum mushugi kabi sutemizuvchilar, turli sudralib yuruvchilar va kemiruvchilar yashashi, suv havzalarida esa sazan, laqqa va boshqa mahalliy baliq turlari uchrashi hudud ekotizimining tabiiy muvozanatini saqlashda muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5xVnse0RSJE" title="Orol dengizining kichik yuragi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ziyovuddin Nuriddinov, O‘zA