O‘quvchilar yangi tizim asosida hunar o‘rganmoqda
Prezident topshirig‘i amalda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida maktab o‘quvchilarini kasbga yo‘naltirish, ta’lim muassasalarida eng kamida bitta kasb hamda chet tilini o‘rganib chiqishlarini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilab qo‘yildi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining joriy yil 15-16 fevral kunlari Andijon viloyatiga tashrifi doirasida yoshlar bilan ishlash, ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, xususan, umumta’lim maktablarining 10-11 sinf o‘quvchilariga ishchi va IT kasblarga o‘qish imkonini yaratish, ularni ta’limdan keyingi bandligini ta’minlash hamda mehnat bozoriga tayyorlash yuzasidan qator topshiriqlar berilgan.
Ana shu topshiriq va vazifalar ijrosi doirasida Andijon viloyatidagi umumta’lim maktablari 10-11 sinf o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘rgatish borasida qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
[gallery-20800]
O‘tgan 2023-2024 o‘quv yilida Andijon viloyatidagi umumta’lim maktablarining 11-sinfini 33 ming 700 nafardan ortiq o‘quvchi tamomladi.
Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, qariyb 26 ming nafarga yaqin bitiruvchining bandligi ta’minlandi. Jumladan, ularning 2 ming 535 nafari doimiy ishlarga joylashtirildi, 21 ming 50 nafari o‘zini-o‘zi band etdi, 67 nafariga dehqonchilik qilish uchun yer ajratib berildi, 58 nafariga kredit ajratildi, 296 nafari kasbga o‘qitildi, 270 nafari harbiy xizmatga yuborildi. Bundan tashqari, 2 ming 355 nafar maktab bitiruvchisi kollej va texnikumlarga o‘qishga kirdi.
Bitiruvchilar bandligini ta’minlash, xususan, 10- va 11- sinf o‘quvchilarini hunarga o‘rgatish borasidagi ishlar tizimli ravishda olib borilmoqda. Har bir tuman, shaharda bittadan tanlab olingan, jami 16 ta maktabda bitiruvchi hamda 10-sinf o‘quvchilari yangicha tizim asosida tikuvchi, duradgor, kompyuter va dasturiy ta’minot ustasi, sartarosh, oshpaz, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish ustasi, kosib, novvoy singari 12 ta kasbga o‘qitilmoqda.
Bugungi kunda viloyatdagi tanlab olingan ana shu maktablarda 978 nafar 11-sinf, 758 nafar 10-sinf o‘quvchisi “Mahalla-maktab-hunar” tizimi asosida bittadan kasbga o‘rgatilmoqda. Ularning kasblar bo‘yicha puxta bilim olishi, amaliy mashg‘ulotlar o‘tashlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.
Andijon shahridagi 55-umumta’lim maktabida tikuvchilik, kompyuter va dasturiy ta’minotlar hamda ofis jihozlarini o‘rnatuvchi, ularga texnik xizmat ko‘rsatuvchi usta yo‘nalishi bo‘yicha o‘quvchilar kasbga o‘rgatilayotgan bo‘lsa, Xonobod shahridagi 2-maktabda o‘quvchilar sartarosh va milliy taomlar oshpazi hunarini o‘rganmoqda.
Aksariyat tumanlarda, xususan Asaka tumanidagi 1- umumta’lim maktabida mazkur yo‘nalishdagi ishlar namunali yo‘lga qo‘yilgan.
– Maktabimizda 40 nafardan 10- va 11- sinf o‘quvchilariga avtomobil yurish qismiga texnik xizmat ko‘rsatuvchi chilangar, milliy taomlar oshpazi hamda tikuvchilik yo‘nalishlarida hunar o‘rgatilmoqda, – deydi Asaka tumanidagi 1-umumta’lim maktabi direktori Muqaddasxon Rahmonova. – Dars va amaliy mashg‘ulot xonalarimiz texnik vositalar, jihoz hamda uskunalar, zamonaviy tikuv mashinalari bilan ta’minlangan, zarur sharoitlar yaratilgan.
Marhamat tumanida ham bu borada e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Xususan, namuna sifatida tanlab olingan tumandagi 14-umumta’lim maktabida o‘quvchilarga tikuvchilik, kompyuter dasturchisi, novvoy, shuningdek, non va konditer mahsulotlari tayyorlovchi mutaxassis hunarlari o‘rgatib kelinmoqda.
– Maktabimizning 100 nafardan ortiq 10- va 11-sinf o‘quvchilari hamda qo‘shni maktablarning bir guruh bitiruvchilari yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlar bo‘yicha kasb-hunar o‘rganmoqda, – deydi Marhamat tumanidagi 14- umumta’lim maktabi direktori Sherzod Abdurazzoqov. – Hunarni yaxshi o‘zlashtirgan, darsdan bo‘sh vaqtlarida mavjud sexlarda ish olib borayotgan o‘ndan ortiq o‘quvchi oylik maosh olmoqda. Ya’ni o‘rgangan hunari ortidan qo‘shimcha daromad olish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Maktabda kasb-hunar o‘rganishga qiziqayotgan, hunar to‘garaklariga kelayotgan o‘quvchilar safi tobora ortib bormoqda.
– Men darsdan bo‘sh vaqtimda tikuvchilik to‘garagiga qatnab, ushbu hunarni puxta o‘rganib oldim, – deydi maktabning 11-sinf o‘quvchisi Muqaddamxon Farhodova. – Ishonamanki, kelgusida o‘rgangan hunarim mustaqil hayotda menga asqatadi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari