O‘quvchilar o‘rtasida sport sinovlari o‘tkazildi
Navoiy shahridagi 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 7-17 yoshdagi o‘quvchilar o‘rtasida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari o‘tkazildi.
Yurtimizda aholining barcha qatlamlari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish orqali ularning jismoniy qobiliyati va harakat faolligini takomillashtirish, mehnatga layoqatini oshirish, zararli odatlar hamda turli kasalliklarning oldini olish va sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida muntazam ravishda sport sinovlari o‘tkazib kelinmoqda. Bunda 2021-yil 16-iyundagi “Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori dasturilamal vazifasini bajarmoqda.
Ushbu sport sinovlari 11 yosh toifasida ayollar va erkaklar uchun alohida va yosh guruhlari bo‘yicha yiliga bir marta yanvar-dekabr oylarida o‘tkaziladi.
Sinovlar aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholashni tashkil etish va o‘tkazish sxemasiga muvofiq 5 bosqichda o‘tkaziladi.
– Rejaga muvofiq, bugun sport sinovlari 7 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida o‘tkazilmoqda, – deydi viloyat sport boshqarmasi shu’ba rahbari Ulug‘bek Qahhorov. – Dastlab tuman va shaharlarda tuzilgan Ishchi guruhlari tomonidan ishtirokchilar ro‘yxati shakllantirildi. 2-bosqichda ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, sport sinovlarini topshirish uchun ariza to‘ldirishdi.
[gallery-16563]
Endi 18 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lganlar sinovlarni aprel-may, 30 yoshdan 49 yoshgacha bo‘lganlar avgust-sentyabr, 50 yosh va undan katta yoshdagi shaxslar oktyabr-noyabr va davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlar noyabr oyida topshiradilar. Jismoniy imkoniyatlari cheklangan shaxslar ota-onalar, vasiylar ishtirokida ixtiyoriy ravishda hamda shifokor tavsiyalari va nazorati ostida sport sinovlarini topshirishadi.
Sinovlar ixtiyoriy va maxsus talablardan iborat bo‘lib, maxsus talablarni bajargan shaxslar bir yil mobaynida qator imtiyoz va rag‘batlantirishlardan foydalanadilar. Jumladan, 1-o‘rinni egallagan o‘quvchilar “Temurbeklar maktabi”ga test sinovlarisiz, tanlovdan tashqari o‘qishga qabul qilinib, umumiy foydalanishdagi davlat yo‘lovchi tashish shahar transportida bepul hamda hududlararo harakatlanishda 50 foiz chegirmali to‘lov bilan imtiyozli yurish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Shuningdek, g‘olib va sovrindorlar safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat to‘lovining 50 foizini to‘laydi va muddatli harbiy xizmatga birinchilar qatorida yuboriladi. Shu bilan birga g‘olib va sovrindorlarning farzandlari o‘zlari yashayotgan joydagi umumta’lim maktabi, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlariga navbatsiz joylashtiriladi. Ularga dam olish maskanlari va sanatoriylarga bepul yo‘llanmalar taqdim etilib, ishga yoki o‘qishga qabul qilinishida jismoniy tayyorgarlik talab etiladigan sinovlarda bir qator imtiyozlar beriladi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari