O‘quvchilar "Ibn Sino" bilan muloqot qildi
“Maktabdagi dars jarayonlarida buning iloji bor”, desam ishonasizmi?
Bugungi kun maktab ta’limi faqatgina darslik va doska bilan cheklanib qolmaydi. Zamonaviy texnologiyalar, xususan, sun’iy intellekt-AI imkoniyatlari dars jarayonini haqiqiy sayohatga aylantirmoqda.
Urganch shahar 28-son umumiy o‘rta ta’lim maktabida ta’lim sifatini oshirish, o‘quv jarayonini metodik jihatdan takomillashtirish hamda darsliklar bilan ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan mahorat darsi nafaqat mazmuni, balki innovatsion yondashuvi bilan barchaning e’tiborini tortdi.

Unda sun’iy intellekt yordamida Abu Ali ibn Sino siymosining gavdalantirilishi zamonaviy ta’lim usullarining naqadar rivojlanayotganligini ko‘rsatdi. Interaktiv yondashuv asosida buyuk ajdodimiz bilan tashkil etilgan “jonli muloqot” o‘quvchilarni o‘rta asrlarga virtual sayr qildirdi.
Dars davomida o‘quvchilar nafaqat ma’ruza tinglashdi, balki buyuk alloma bilan bevosita savol-javob qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

– Bunday darslarning an’anaviy metodlardan ustunligi juda katta, – deydi Xorazm viloyati maktab va maktabgacha ta’lim boshqarmasining metodisti S. Atajonova. – Eng asosiysi emotsional bog‘lanishda. Bunda o‘quvchi faktlarni yodlamaydi, balki uni his qiladi. Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan qiziqarli topshiriqlar esa darsdagi raqobat va qiziqishni oshiradi. Bu shunchaki texnologiya emas, bu ta’lim sifatini oshirish va bolalarning dunyoqarashini kengaytirish uchun kuchli vositadir.

Ibn Sino obrazi orqali berilgan hayotiy nasihatlar, tibbiyot va ilm-fanga oid qiziqarli topshiriqlar mavzuni yanada jonli va tushunarli bo‘lishini ta’minladi. Bunday metod o‘quvchilarda tarixiy shaxslarga nisbatan hurmat va ilmga ishtiyoqni uyg‘otishda yangi uslub bo‘lib xizmat qilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, bu kabi innovatsion darslar ta’lim tizimida yangi davrni boshlab beradi. Sun’iy intellekt va inson omili birlashganda, bilim olish jarayoni zavqli va unutilmas sarguzashtga aylanadi. Bunday innovatsion yondashuvlar bugungi zamon talabi bo‘lib, ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri