“Oqsaroy Vortex” – sun’iy toladan tayyor mahsulotgacha
To‘qimachilik va yengil sanoat iqtisodiyotimizning jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri.
Davlatimiz rahbari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Shahrisabz tumanidagi “Oqsaroy Vortex” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib, u yerda sintetik aralashmali ip va mato ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishgan edi.
To‘qimachilik va yengil sanoat iqtisodiyotimizning jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri. Buni yurtimizda barpo etilayotgan ko‘plab to‘qimachilik korxonalari, tikuv fabrikalari misolida ham ko‘rish mumkin.
Mamlakatimizda paxtani qayta ishlash va undan tayyor mahsulot ishlab chiqarish amaliyoti puxta o‘zlashtirildi. Ishlab chiqarilayotgan trikotaj mahsulotlari bozorlarda xaridorgir bo‘lib ulgurdi.
Ammo masalaning yana bir jihati bor. Ma’lumki, viskoza matodan tayyorlangan kiyimlar o‘zining yumshoqligi, tukdorligi pastligi, tanani salqin saqlashi va shu bilan birga suvga tushgach material sifati buzilmasligi bilan ajralib turadi. Shu bois aynan ushbu matodan tayyorlangan mahsulotlar savdosi chaqqon.
Bizda ushbu turdagi matodan tayyorlangan mahsulotlar asosan eksport qilinadi va tabiiyki, narxi qimmat. Qish mavsumi kiyimlari ishlab chiqarish bo‘yicha brend do‘konlarining talabiga javob berolmaymiz. Mamlakatimizda ham aynan shu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega. Chunki, bu orqali mahsulot sifat darajasini oshirish, tannarxni arzonlashtirish hamda jahon bozoriga raqobatbardosh mahsulot tayyorlash imkoni yaratiladi. Shu bilan birga, tikuv-trikotaj korxonalarida faqatgina mavsumiy ishlab chiqarish emas, balki doimiy sifatli mahsulotlar tayyorlash mumkin bo‘ladi.
Shahrisabz tumanida ana shunday korxonalardan biri faoliyat yuritmoqda.
Bu yerda “Oqsaroy Group” kompaniyasi tarkibiga kiruvchi “Oqsaroy Textile” va “Oqsaroy Vortex” korxonalari tashkil etilgan bo‘lib, ularda umumiy qiymati 54 million dollarlik 3 loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirish, natijada 1 ming 630 ish o‘rni yaratish, yiliga 22 million dollarlik to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish ko‘zda tutilgan.
Shu yilning oktyabrida “Oqsaroy Vortex” korxonasi tashkil etilib, sun’iy va tabiiy toladan kalava ip va trikotaj mato ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Loyiha qiymati 15 million dollar, yiliga 3 ming tonna kalava ip, 5,5 ming tonna sun’iy tolali ip, 3,5 ming tonna trikotaj mato ishlab chiqarish quvvatiga ega. Eksport hajmi yiliga 7 million dollarni tashkil etadi.
Uchinchi bosqichda ushbu korxonalar yonida yana bitta to‘qimachilik fabrikasi barpo etilib, kalava ip va trikotaj mato ishlab chiqarishni kengaytirish rejalashtirilgan. Qiymati 18 million dollar bo‘lgan ushbu loyiha natijasida yiliga 7 ming tonna kalava ip, 2,1 ming tonna trikotaj mato ishlab chiqarishga erishiladi. Kelasi yil amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyiha natijasida 700 yangi ish o‘rni yaratiladi.
– Ushbu korxonaning an’anaviy ip-yigiruv fabrikalaridan asosiy farqi – bu yerda Yaponiyaning «Murates» kompaniyasida ishlab chiqarilgan Vortex texnologik uskunalari o‘rnatilgan, – deydi korxona ta’sischisi Davron Vahobov. – Bu texnologiyaning afzalligi shundaki, kalava ip to‘qilayotganda tola markazlashgan aerodinamik havo bosimi orqali o‘tkaziladi. Natijada ipning tukdorligi kamayib, sifati ortadi. Davlatimiz rahbari viloyatning 8 ta tumanida “Oqsaroy Vortex” namunasidagi to‘qimachilik korxonalarini tashkil etish, ularni barpo etishda arzon konstruksiyali materiallardan foydalanish, shuningdek, barcha klasterlarni kooperatsiya qilib, sun’iy tola ishlab chiqarish bo‘yicha bitta alohida loyiha qilish, yog‘ochdan tabiiy tola – viskoza ishlab chiqarishni keng yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, hozirda mato xomashyosi Avstriya va Indoneziyadan import qilinmoqda. Chunki faqatgina sanoqli davlatlarda o‘sadigan daraxtlardan ushbu xomashyoni olish mumkin.
Prezidentimiz bu yerda olimlar, mutaxassislar bilan birgalikda mahalliy sharoitda yog‘ochdan tabiiy tola ishlab chiqarish yuzasidan topshiriq berdi. O‘zimizda ushbu xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarilsa, mahsulot tannarxi 1-1,5 AQSH dollarigacha arzonlashadi.
