O‘qituvchiga e’tibor kelajakka e’tibordir
Har yili mamlakatimizda 1 oktyabr – O‘qituvchilar va murabbiylar kuni sifatida keng nishonlanadi. Bu sana fidokor ustozlarga, kelajak avlodni tarbiyalashga o‘zini bag‘ishlagan murabbiylarga chuqur hurmat va e’tirof ifodasi sifatida alohida ahamiyatga ega. Chunki ustoz nafaqat ta’lim beruvchi, balki ma’naviyatimiz, ong va tafakkurimizning asosiy tarbiyachisi hisoblanadi.
Yurtimizda so‘nggi yillarda ta’lim sohasini rivojlantirish, ustozlarning moddiy va ma’naviy ta’minlanganligini oshirish, ta’limning barcha bosqichlarini xalqaro mezonlarga moslashtirish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu o‘zgarishlar ta’lim sifatiga, o‘quvchilar va talabalarning bilim darajasiga, eng muhimi, ustoz maqomining jamiyatda yanada yuksalishiga xizmat qilmoqda.
2024 yil statistikasiga ko‘ra, mamlakatda 540 mingdan ortiq pedagog faoliyat ko‘rsatmoqda. Ulardan 70 foizi ayollardir. Ta’lim tizimiga muntazam yosh kadrlar kelib qo‘shilmoqda.

– Sergeli tumanidagi 68-umumta’lim maktabida faoliyat yuritmoqdaman. Maktabimizda hozirgi kunda 2 ming 700 nafardan ziyod o‘quvchi ta’lim olmoqda. Ilk bor maktabga qadam qo‘ygan bolajonlarga alifboni, birinchi harflarni o‘rgatish o‘ziga xos sharaf hamda mas’uliyatdir, – deydi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Dilafro‘z Barakayeva. – Men kasbimdan faxrlanaman. Chunki har bir bolaning hayotida ustozning o‘rni katta. Ularga faqat dars o‘tish emas, balki mehr berish, bilimga muhabbat uyg‘otish, fikrlashga o‘rgatish bu bizning eng muhim vazifamizdir.

Yaqinda davlatimiz rahbari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida o‘qituvchi va murabbiylar bilan uchrashuv o‘tkazib, ta’lim sohasi va unda mehnat qilayotgan pedagoglarga tegishli bo‘lgan bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, 15 yildan ortiq stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich to‘lovining 25 foizi davlat tomonidan qoplab berilsa, oliy o‘quv yurtiga kirgan pedagoglar farzandlariga shartnoma to‘lovidan 30 foizgacha chegirma berilmoqda. Bundan tashqari, yangi ta’lim texnologiyalarini keng qo‘llash uchun o‘qituvchilarga 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratilishi, davlat xizmatlari uchun to‘lovlar esa ikki barobar kamaytirilishi kabi imkoniyatlar barcha ustozlarning kayfiyatini ko‘tardi, kelajakka bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamladi. Bu kabi tashabbuslar nafaqat moddiy, balki ma’naviy jihatdan ham e’tibor va ishonchni ko‘rsatadi. E’tibor bor joyda eng katta natijalar yuzaga chiqadi. Biz o‘qituvchilar, bu ishonchni oqlash uchun yanada mas’uliyat bilan ishlaymiz.

Har qanday sohaning poydevori – ilm, bilim, ma’rifat. Bu poydevorni qurishda esa ustozlarning o‘rni beqiyos. Ular o‘z mehnati, jasorati va fidoyiligi bilan kelajak avlodni voyaga yetkazadi, jamiyatning ma’naviy yuksalishiga xizmat qiladi.
So‘nggi besh yilda 600 dan ortiq yangi maktab qurilib, 2 mingga yaqin ta’lim muassasasi rekonstruksiya qilindi. Bu nafaqat ta’lim sifatini, balki o‘quvchi va o‘qituvchilarning psixologik muhitini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Bugungi ustoz – zamonaviy texnologiyalarni yaxshi o‘zlashtirgan, innovatsion metodlardan foydalanishga intiluvchi, o‘quvchi shaxsini to‘liq anglab, uning qobiliyatini to‘la rivojlantirishga harakat qiluvchi mutaxassisdir. U nafaqat dars o‘tadi, balki o‘quvchi shaxsiyatiga ta’sir ko‘rsatadi, unda mustaqil fikrlash, to‘g‘ri qaror qabul qilish, jamiyatda munosib o‘rin egallashga intilish kabi fazilatlarni shakllantiradi.
2017 yilda mamlakatimizda 72 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan bo‘lib, bugungi kunda ularning soni 219 taga yetdi. Bu ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning yorqin ifodasidir.
Bugungi kunda O‘zbekiston ta’lim tizimida 30 dan ortiq davlat bilan hamkorlikda qo‘shma dasturlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Britaniya, Germaniya, Janubiy Koreya, Hindiston va Malayziya kabi davlatlar bilan oliy ta’limda qo‘shma fakultetlar, dual ta’lim tizimi va akademik almashinuv loyihalari yo‘lga qo‘yilgan.
Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Jamoatchilik bilan aloqalar kafedrasi mudiri, PhD ilmiy darajasiga ega Shohrux Qosimov ta’lim tizimidagi so‘nggi o‘zgarishlar haqida shunday deydi: – Bugungi kunda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti yurtimizda ommaviy axborot vositalari va kommunikatsiya sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlayotgan yetakchi ta’lim muassasalaridan biridir. Universitetimiz tarkibida 13 ta kafedra, 3 ta fakultet faoliyat yuritmoqda va bugungi kunga kelib 5900 nafardan ziyod talabalar tahsil olmoqda.

Ayni paytda ta’lim jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, talabalarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida innovatsion o‘quv metodlari, interaktiv dars formatlari, media-texnologiyalar, raqamli platformalar va simulyatsion muhitlar keng joriy etilmoqda. Ta’lim endi faqat nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmayapti – u real hayotga tayyorlaydigan amaliyot maydoniga aylanmoqda.
O‘zim ham ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish, tadqiqotlar olib borish uchun yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, PhD yo‘nalishidagi ilmiy ishimni muvaffaqiyatli himoya qildim. Bu men uchun katta yutuq, ta’lim sohasiga qilinayotgan e’tiborning amaliy samarasidir.
Bugun talabalar nafaqat an’anaviy bilimlarni, balki kreativ fikrlash, tanqidiy tahlil qilish, jamoa bilan ishlash, raqamli dunyoda o‘z o‘rnini topish kabi muhim ko‘nikmalarni ham o‘zlashtirmoqda. Bu esa ta’limning yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat.

O‘zbekiston o‘qituvchilarining faoliyati xalqaro maydonda ham tan olinmoqda. Yurtimiz oliy ta’lim muassasalari nufuzli xalqaro reytinglarda munosib o‘rinlarni egallab, ta’lim sifatining yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, xorijlik talabalar sonining ortishi ham yurtimiz ta’lim tizimiga bo‘lgan ishonch darajasining yuksalayotganini anglatadi. Masalan, QS va Times Higher Education reytinglarida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, NUUz, TATU va boshqa OTMlar yuqori o‘rinlarni egallashga erishdi. Har yili yurtimizga 5 mingdan ortiq xorijlik talabalar kelib tahsil olmoqda.
Shuningdek, ta’lim tizimida hal etilishi lozim bo‘lgan vazifalar ham yo‘q emas. Ustozlar malakasini oshirish, ularni zamonaviy metodikalarga o‘qitish, ta’lim muassasalaridagi moddiy-texnika bazasini mustahkamlash kabi masalalar doimiy e’tiborda.
Zero, ta’lim sifati ustozning salohiyati va yaratilgan sharoitga bevosita bog‘liq. Shu bois, pedagoglarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash barkamol avlodni tarbiyalashning eng muhim kafolatidir.
Nilufar Bozorova, O‘zA