«O‘qituvchiga ehtirom» huquqiy aksiyasi o‘tkazildi
Shirin energetika texnikumida pedagog xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, qonuniy manfaatlarini ta’minlash va huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan «O‘qituvchiga ehtirom» huquqiy aksiyasi doirasida seminar tashkil etildi. Shirin shahar adliya bo‘limi xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda pedagoglarning mehnat munosabatlariga oid huquqlari, qonunchilikda belgilangan kafolatlar hamda ular buzilgan taqdirda huquqlarni himoya qilish mexanizmlari xususida so‘z yuritildi.
Seminar davomida xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi mehnat munosabatlarida qonunchilik talablariga rioya etish, mehnat shartnomasi shartlari, tomonlarning huquq va majburiyatlari, shuningdek, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mehnat nizolarini hal qilish tartibiga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, pedagoglarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, kasbiy faoliyati davomida huquqbuzarlik holatlariga duch kelganda tegishli idoralarga murojaat etish tartibi haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, o‘qituvchilarning huquqiy himoyasini ta’minlash va ular uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish ta’lim sifatini oshirishning muhim omillaridan biridir. Pedagoglarning o‘z huquqlarini yaxshi bilishi, qonunchilikda belgilangan kafolatlardan foydalana olishi ularning kasbiy manfaatlarini himoya qilish barobarida ta’lim muassasasida sog‘lom mehnat muhitini shakllantirishga zamin yaratadi.

— O‘qituvchining jamiyatdagi mavqei, avvalo, uning mehnatiga bo‘lgan hurmat va huquqlarining amalda ta’minlanishida namoyon bo‘ladi. Shu bois pedagoglarning huquqiy bilimlarini oshirish, mehnat faoliyati bilan bog‘liq masalalarga aniqlik kiritish va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish muhim ahamiyatga ega. Bunday tadbirlar o‘qituvchilarning o‘z huquqlarini chuqurroq anglashi, ehtimoliy muammolarning oldini olish va ta’lim muassasasida qonuniylik tamoyillarini mustahkamlashga yordam beradi, — dedi Shirin energetika texnikumi direktori Alfarobiy Husanov.

— O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan «O‘qituvchiga ehtirom» huquqiy aksiyasi pedagog xodimlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganish va bartaraf etish, shuningdek, huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan. Aksiya doirasida o‘qituvchilarga mehnat huquqlari, qonunchilikda belgilangan kafolat va imtiyozlar hamda ulardan foydalanish tartibi yuzasidan tushuntirishlar berilmoqda. Bunday tadbirlar pedagoglarning huquqiy bilimlarini mustahkamlash va qonuniy manfaatlarining amalda ta’minlanishiga zamin yaratadi, — dedi Shirin shahar yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i Shukrullo Hasanov.
Shirinda o‘tkazilgan seminar pedagoglarning huquqiy bilimini mustahkamlash, mehnat munosabatlarida qonuniylikni ta’minlash va o‘qituvchilik kasbiga bo‘lgan hurmatni yanada yuksaltirish yo‘lidagi muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri