O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan ko‘rgazma
O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi, Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi, “O‘zarxiv” agentligi, mamlakatimizning Fransiyadagi elchixonasi hamda Fransiyaning A.S.I.E xalqaro jamg‘armasi bilan hamkorlikda “Ustoz-shogird: O‘zbekiston hunarmandchilik maktablari dunyo miqyosida!” nomli ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 23 martdagi “Kulolchilikni jadal rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan mazkur ko‘rgazma ko‘z nurini, butun ongli hayotini yosh avlodga bilim va tarbiya berishga, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishga bag‘ishlagan, bir so‘z bilan aytganda, Vatanimizning ertangi kunining poydevorini yaratayotgan aziz o‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlandi.

O‘zida asrlar davomida saqlanib kelinayotgan kulolchilik an’analarining aynan sulolalar tomonidan davom etishi, ularning yosh avlodga yetkazib berilishi kabi an’analarimizni aks ettirgan ko‘rgazmada G‘ijduvon kulolchilik maktabi davomchisi Abdullo Narzullayev, Urgut kulolchiligi davomchisi No‘’mon Obloqulov, Xorazm kulolchiligi davomchisi Odilbek Matchonovlarning ishlaridan namunalar namoyish etildi. Fransiya Oliy hunarmarmandchilik maktabining kulolchilik ixtisosi bӯyicha ta’lim olayotgan talabalari Elodi Dyuvin va Alis Janellarning ham loyiha davomida yaratgan kulolchilik namunalari taqdim etildi.

Shuningdek, ko‘rgazmada O‘zbekiston kinofotofono hujjatlari milliy arxivida saqlanayotgan G‘ijduvon, Urgut, Xorazm usta kulollarining fotosuratlari ko‘rgazmasi ham tomoshabinlarga havola etildi.

Ko‘rgazma joriy yilning 10 oktyabrigacha davom etadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA