Oqilona siyosat va ezgu tashabbus samaralari
Ajdodlarimizdan bizga meros bo‘lib kelayotgan “Qo‘shni keldi – ko‘mak keldi” iborasi mazmun-mohiyatini shumanayliklar o‘z hayotida ko‘rib, yanada teranroq his etmoqda desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Xususan, ular qo‘shni xorazmliklarning beg‘araz ko‘magi, amalga oshirgan xayrli va savob ishlaridan, avvalo, shu ezgu tashabbusni ilgari surgan Prezidentimizdan minnatdor bo‘lmoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 1 noyabrdagi “Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish bo‘yicha ishlarning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoniga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan sharoiti og‘ir oilalar va fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ovul va mahallalar infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan Vazirlar Mahkamasining “Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi. Unda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri va Bo‘zatov, Qorao‘zak, Kegeyli, Qo‘ng‘irot, Qonliko‘l, Mo‘ynoq, Nukus, Taxiatosh, Taxtako‘pir, Xo‘jayli, Chimboy, Shumanay tumanlariga biriktirildi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha ovul va qishloqlaridagi aholi turar joylari hamda ichki yo‘llarning holati bo‘yicha o‘tkazilgan xatlovdan kelib chiqib, og‘ir turmush sharoitidagi oilalarga tegishli 21 ming 94 ta uy-joyning tom qismini ta’mirlash hamda 709 ta yashash uchun yaroqsiz va avariya holatidagi uy-joyni yangidan qurish vazifasi belgilandi.

Bu tashabbus barcha viloyatlar, butun mamlakatni Orolbo‘yida ezgulik yo‘lida birlashtirdi. Bunday hamjihatlik, o‘zaro ko‘mak, mehr-oqibat ko‘plab qoraqalpog‘istonliklarning mushkulini oson, og‘irini yengil qildi.
Shu jarayonda Xorazm viloyatiga Shumanay tumani biriktirildi. Hududni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikda ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” asosida bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Qilingan dastlabki ishlardan biri tumanning “Birleshik” ovul fuqarolar yig‘ini hududida Xorazm viloyati mahalliy byudjetidan ajratilgan mablag‘ hisobidan 50 o‘rinli zamonaviy bolalar bog‘chasi qurib foydalanishga topshirildi. Yangi maktabgacha ta’lim tashkilotida bolajonlarning sog‘lom o‘sib voyaga yetishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ovulda mazkur maktabgacha ta’lim muassasasining ish boshlashi natijasida bolalarning bog‘chaga qamrov darajasi 45 foizdan 90 foizga oshdi. Shuningdek, xorazmliklar tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumanidagi turmush sharoiti og‘ir oilalarga tegishli bo‘lgan uylarning tomi shifer bilan yopilib, o‘ta og‘ir ahvoldagi turar joylar qayta, yangidan qurib berilgani haqidagi xabar nafaqat shumanayliklar, balki har birimizning ko‘nglimizda minnatdorlik tuyg‘usini uyg‘otdi.
– Mahallamizda Gurlan tumani hokimligi tomonidan 27 ta uyning tom qismi shifer qilindi va bitta uy yangidan qurib berildi, – deydi “Aqjap” ovul fuqarolar yig‘ini raisi Quralbay Ubaydullayev. – Gurlan tumani hokimi, hokim o‘rinbosarlari ishning boshida bo‘lib tez-tez xabar olib turdi. Uy egalari ulardan minnatdor.
Mahalla raisi hamrohligida yangi qurilgan uyning sohibi ikkinchi guruh nogironi Bahodir Allamberganov bilan uchrashar ekanmiz, u so‘z avvalini Prezidentimizga minnatdorchilik bildirishdan boshladi. Yangi uyning shundoqqina yonida turgan nurab to‘kilib ketgan eski kulbani ko‘rsatib 20 yil shu yerda yashagani, 8 sinfda o‘qiydigan nogiron o‘g‘li borligi, xotini ham tez-tez og‘rib turishini, chipta to‘qib kun kechirishini ta’kidladi. U eski uyini obod qilib, yangi uyda yangi hayot boshlash niyatida.

– Kasalligim sababli ikkinchi guruh nogironiman. Uyimizni qurganimizga 15 yil bo‘ldi. Tomini shifer qilishga qurbimiz yetmadi. Har yil qishning yomg‘irli kunlarini juda qiyinchilik bilan o‘tkazardik. Uyimiz tomi qayta yopilgach kuchli yog‘ingarchilikda ham ko‘nglimiz xotirjam bo‘ldi. Avvalo, Prezidentimizga va qolaversa, xorazmliklarga katta rahmat, – deydi Shumanay tumani Mo‘nchoqli mahallasida yashovchi Nag‘ima Ubaydullayeva.
Uning yon qo‘shnisi yolg‘iz yashovchi Jalg‘as Elmuratov esa o‘ziga yangi uy qurib berilganidan mamnun. Xorazm viloyati hokimligi tomonidan Shumanay tumanida aholining turmush sharoitini yaxshilash maqsadida tumandagi 349 ta turar joyda qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlandi. Jumladan, 329 ta uyning tom qismini yopish hamda 20 tasini yangidan qurish ishlari olib borildi. Mazkur ishlarni amalga oshirish uchun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan jami 5,5 milliard so‘m ajratildi.
– Darhaqiqat, Xorazm viloyati, shahar va tumanlar hokimliklari, mutasaddi korxona va tashkilotlari tumanimizni ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish, aholimizning turmush darajasi, uy-joy sharoitlarini yaxshilash borasida o‘zlariga yuklatilgan vazifalar ijrosiga nihoyatda mas’uliyat bilan yondashdi, – deydi Shumanay tumani hokimining qurilish kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Aydos Mambetjanov. – Shu jarayonda quruvchi ustalar bilan xonadon egalari yaqin qarindoshday bo‘lib ketdi.
Bunday iliq fikrlarni eshitar ekanmiz Ibroyim Yusupovning bir daryodan suv ichib necha asrlardan buyon qo‘shni yashab kelayotgan xalqlarning do‘stligini madh etuvchi quyidagi misralari yodga keldi:
Amu suvi yerimizga qon tomirday taralgan, Arnalarning to‘g‘onlari bir-biriga qaragan.
Kun desang kun, gul desang gul, yashna go‘zal Xorazm,
Ol, men mangu Vatandoshing qoraqalpoq bo‘laman.
Yaxshilik qanday yaxshi, ko‘ngillarni, odamlarni, ellarni bir biriga bog‘laydi. Do‘st-qadrdon, og‘a-iniga aylantiradi. Hamjihatlik, yakdillikka asos soladi. Biz birgina Shumanay misolida so‘z yuritdik, xolos. Boshqa tumanlarga biriktirilgan viloyatlar tomonidan hududlarda olib borilayotgan ishlar ham tahsinga sazovor, albatta. Ammo Orolbo‘yidagi bunday tarixiy, mislsiz o‘zgarish va yangilanishlar, bu hududning obodligi, gullab-yashnashi uchun jonini fido qilib mehnat qilayotgan mardu maydonlar haqida hali kitoblar yozilsa ajab emas.
Nazira Matyaqubova,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Jo‘qorg‘i Kengesi deputati,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.
ӮzA