Oqdaryolik “gazchi” ishining chuvi chiqdi
Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi hamda ichki ishlar organlari va “Hududgazta’minot” Samarqand gaz ta’minoti filiali xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Oqdaryo tumanida aholi uchun mo‘ljallangan suyultirilgan gaz to‘ldirilgan maishiy gaz balonlari noqonuniy ravishda xususiy tadbirkorlarga sotilayotganini fosh etdi.
Tumanning Mustaqillik mahallasida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan A.S. boshqaruvidagi “BONGO” rusumli avtomashinada 55 dona 55 litrli, “stiker” lari mavjud bo‘lgan va suyultirilgan gaz to‘ldirilgan maishiy gaz balonlarni tumandagi oshxona va kafelarga olib ketayotganligi aniqlanib, protsessual tartibda hujjatlashtirildi.
Fuqaro ushbu gaz balonlarni tuman gaz ta’minoti korxonasidan har birini 35 ming so‘mdan sotib olib, xususiy tadbirkorlarga 70 ming so‘mdan sotish bilan shug‘ullanib kelgani, yashash xonadonida ham 36 dona gaz balloni borligi ma’lum bo‘ldi.
Tekshiruv davomida, A.S. tuman gaz ta’minoti korxonasidagi jinoiy sheriklari bilan til biriktirib, 91 dona maishiy gaz ballonini o‘zlashtirib yuborganligi aniqlandi. Hozirda fuqaro A.S.ning jinoiy sheriklarini aniqlash bo‘yicha surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA