“Oq yo‘l Sizga, bitiruvchi!”
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2025-2026 o‘quv yili bitiruvchilariga diplom topshirishga bag‘ishlangan “Oq yo‘l Sizga, bitiruvchi!” mavzusida tantanali kecha bo‘lib o‘tdi.
Kechada bakalavr ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bitiruvchilari, ularning ota-onalari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, pedagog xodimlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar bitiruvchi yoshlarni tabrikladi va kelgusi ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi. Ta’kidlash joiz, yakunlanayotgan joriy o‘quv yilida Nukus davlat pedagogika institutini bakalavriatning kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha jami 4 ming 422 nafar talaba, magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 225 nafar magistrant tamomlamoqda. Ular orasidan minglab talaba-yoshlar tegishli ish beruvchilar bilan uch tomonlama shartnomalar tuzish orqali ish o‘rinlariga yo‘llanma olishdi. Tadbirda bitiruvchilarga diplomlar topshirildi.

Joriy o‘quv yili institut tarixida ulkan yutuqlarga, yuksak natijalarga boy yillardan biri sifatida tarix sahifalaridan joy oldi.
Institut talabalari orasidan joriy o‘quv yilining o‘zida 15 nafar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomli davlat stipendiyalari, 9 nafar Ajiniyoz Qosiboy o‘g‘li nomidagi stipendiya g‘oliblari yetishib chiqdi.
Shuningdek, institut talaba-yoshlari respublika va xalqaro fan olimpiadalari, “Talabalar ligasi”, “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi”, “Yangi O‘zbekiston ayollar olimpiadasi” kabi sport musobaqalarining respublika final bosqichlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi.

Shu bilan birga, innovator yoshlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi kubogi, “Bo‘lajak olim”, “Mirzo Ulug‘bek vorislari”, “Eng faol yil talabasi” kabi tanlovlarda, respublika va xalqaro grant tanlovlarida g‘olib bo‘ldi.
Tadbirda o‘quv yili davomida ilm-fan, ta’lim, madaniyat, sport va boshqa yo‘nalishlarda katta yutuqlarga erishgan talabalarning ota-onalariga tashakkurnomalar topshirildi. Tadbirda tashkil etilgan konsert dasturi ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.