“Oq qalpoq” bayrami millatlar do‘stligini yana bir bor namoyon etdi
Bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik qadriyatlari qadimdan yurtimizning eng katta boyliklaridan biri bo‘lib kelgan. Turli millat va elat vakillarining bir oila bo‘lib yashashi, ularning urf-odat va an’analari e’zozlanishi esa bu zaminda tinchlik va barqarorlikning mustahkam poydevoridir. Ana shunday ruhda o‘tkazilgan “Oq qalpoq” bayrami ham xalqimizning birdamligini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.
Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi va Sardoba tuman hokimligi hamkorligida turli millat vakillari ishtirokida “Oq qalpoq” bayrami nishonlandi.


Tadbirda so‘zga chiqqanlar “Oq qalpoq” qirg‘iz xalqining eng qadimiy va muqaddas milliy bosh kiyimlaridan biri bo‘lib, u nafaqat kiyim, balki avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan milliy qadriyat va an’analar ramzi ekanini ta’kidlashdi.Shuningdek, O‘zbekistonning bag‘rikeng diyor, bu yurtda barcha millat vakillari uchun teng imkoniyatlar yaratilgani, Vatan har bir inson uchun aziz va qadrli ekanligi alohida e’tirof etildi.

Bu kabi bayramlar shunchaki madaniy tadbir emas, balki qalblarni yaqinlashtiradigan, odamlarni bir-biriga mehr-oqibat ruhida bog‘laydigan muhim ijtimoiy ko‘prikdir. Zero, millatlararo totuvlik bor joyda taraqqiyot bo‘ladi.
N.Rahmonova, O‘zA