Oq olimpiadaning ilk shov-shuvlari
225 nafar sportchi bilan qatnashayotgan AQSH olimpiyachilari ilk kungi bellashuvlarda sovrinli o‘rinlardan birontasini ham egallay olmagani katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.
Xitoy poytaxti Pekinda boshlangan qishki Olimpiya o‘yinlarining ilk musobaqalarida g‘olib va sovrindorlar ma’lum bo‘ldi.
Kecha 5 fevral kuni davomida to‘rt yillikning oq olimpiada bahslari dasturidan o‘rin olgan 6 ta sport turining belgilangan yo‘nalishlarida 18 ta medallar jamlanmasi sovrindorlari ma’lum bo‘ldi.
Murosasiz musobaqalarda ishtirok etish baxtiga musharraf bo‘lgan sportchilar biatlon, konkida yugurish, chang‘i poygasi, trampolindan sakrash, fristayl va short-treyk sport turlarining yo‘nalishlarida medallar uchun kurashishdi.
O‘tkazilgan musobaqalar natijasiga ko‘ra, hozircha o‘yinlarda qatnashayotgan 91 ta mamlakatdan 13 tasining vakillari Pekin-2022 sovrinlariga ega bo‘lib turishibdi.
Umumiy medallar jamg‘arish bo‘yicha 6 fevralgacha bo‘lgan holatda 2 ta oltin medal bilan Norvegiya vakillari peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, ulardan keyingi o‘rinlarni Sloveniya, Nederlandiya, Xitoy va Shvetsiya davlat sportchilari 1 tadan oltin medalni qo‘lga kiritgan holda band qilib turibdi.
Bugun 6 fevral kuni XXIV qishki Olimpiya o‘yinlarida 7 ta sport yo‘nalishida medallar jamlanmasi uchun kurash bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, 4 ta sport turida o‘yinlarning saralash bahslari davom etadi.
Xabar berganimizdek, mazkur nufuzli sport musobaqasida ishtirok etayotgan hamyurtimiz Komiljon To‘xtayev ayni kunlarda Pekin yaqinidagi Yansin shaharchasida 13 va 16 fevral kunlari o‘tadigan tog‘ chang‘isi bahslariga hozirlik ko‘rmoqda.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA