OPEC+ davlatlari may oyida neft qazib olish hajmini oshiradi
Yaqin Sharqdagi urush sharoitida yirik neft qazib oluvchi davlatlar ishlab chiqarish hajmini oshirishga qaror qildi. Bu cheklov siyosatidan voz kechish va jahon bozorini barqarorlashtirishga urinishdir.
Tegishli bayonot tashkilotga a’zo sakkiz davlat – Rossiya, Saudiya Arabistoni, Iroq, Birlashgan Arab Amirliklari, Kuvayt, Qozog‘iston, Jazoir va O‘mon ishtirokida kechgan videokonferensiya yakunida e’lon qilindi. Bu haqda “Kazinform” agentligi xabar bergan.
Bayonotda keltirilishicha, xom ashyo qazib olishni ko‘paytirish “bozor barqarorligini saqlash” maqsadini ko‘zlaydi.
Mart oyida bo‘lib o‘tgan OPEC+ yig‘ilishida guruh a’zolari ishlab chiqarish chegarasini kuniga 206 000 barrelga ko‘targan. Mazkur tashabbus jahon bozoriga neft yetkazib berishni yanada ko‘paytirish, Hurmuz bo‘g‘ozi qamali sharoitida muhitni barqarorlashtirishga tayyorlikni bildiradi, deya ta’kidladi “Reuters”.
Umuman, OPEC+ mamlakatlari 2025-yil oktabr oyidan boshlab neft qazib olishni bosqichma-bosqich oshirib kelgan. Avvalroq xom ashyo narxini yuqori ushlab turish uchun cheklov joriy qilingan edi.
G.Sattorova, O‘zA