Onlayn: Soliq kodeksiga qanday o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Taklif etilayotgan loyihada joriy yilning foyda solig‘i soliq bazasini aniqlashda zararlarni to‘liq chegirish huquqi berilmoqda. O‘z navbatida, ko‘chmas mulk joylashgan joyidan kelib chiqib bir kvadrat metr uchun minimal qiymat joriy etish bilan birga, yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i stavkalarini pasaytirish, poliyetilen granulalariga aksiz solig‘i stavkasini 20 foizdan 10 foizgacha pasaytirgan holda, ushbu stavkani uning importiga ham joriy etish belgilanmoqda.
Qayd etilganidek, loyihada soliq solish ob’ektlari va soliq solish bilan bog‘liq bo‘lgan ob’ektlar hisobini tashkil etish nazarda tutilmoqda. Xususan, soliq imtiyozlari hisobi bo‘yicha yagona avtomatlashtirilgan tizimni yaratish, soliq to‘lovchining hisob ma’lumotlaridagi o‘zgarishlarni shaxsiy kabinet orqali tasdiqlash nazarda tutilmoqda. Shuningdek, soliq to‘lovchi tomonidan taqdim qilingan ma’lumotlarni solishtirish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizim yaratish, shuningdek, sotib olingan va realizatsiya qilingan tovarlarni solishtirish bo‘yicha tahlil o‘tkazish masalasi ham loyihada o‘z aksini topgan.
Shu bilan birga, qo‘shilgan qiymat solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha soliq hisobotini taqdim etish muddatlari elektron hisobvaraq-faktura tizimlari rivojlantirish va soliq hisobotlari, ular ma’lumotlari hamda onlayn kassa mashinalari ma’lumotlari bo‘yicha shakllantirish imkoniyatini hisobga olgan holda unifikatsiya qilinmoqda.
Mazkur qonun loyihasida ko‘zda tutilgan masalalar deputatlarning qizg‘in muhokamalariga sabab bo‘ldi. Deputatlarning ayrim moddalar bo‘yicha savol va e’tirozlariga majlisda onlayn ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev, oflayn ishtirok etgan qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev batafsil javob berdi.
Bildirilgan taklif va fikr-mulohazalardan kelib chiqib, qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Qonunchilik palatasining majlisi davom etmoqda.
Muhtarama Komilova, O‘zA