O‘ndan ortiq murojaat o‘z joyida hal etildi
Yurtimizda keyingi yillarda xalq bilan ochiq muloqot qilish, odamlar turmush tarzini yaxshilash, farovonligini oshirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Natijada joylarda yillar davomida to‘planib qolgan ko‘plab muammolarga barham berilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining hududlarda aholi bilan yuzma-yuz muloqotlari davom etmoqda. Jumladan, deputat Botirbek To‘razodaning Bog‘ot tumanidagi saylovchilar bilan uchrashuvlari qizg‘in ruhda, aholi faolligida o‘tmoqda.

Uchrashuvda xalq vakili avvalo, xalqimiz turmush farovonligini oshirish, inson manfaatlari va fuqarolarning huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgartishlar xususida yig‘ilganlarga so‘zlab berdi. O‘z navbatida, aholi vakillari o‘zlarini qiynayotgan masalalar yuzasidan deputatga murojaat qildilar. Jumladan, aholi tomonidan asosan uy-joy, ishga joylashish, obodonlashtirish va boshqa shu kabi masalalarda murojaatlar yo‘llandi. E’tiborlisi, fuqarolardan kelib tushgan jami 18 ta murojaatning 10 dan ortig‘i shu yerning o‘zida hal etildi.
Shuningdek, deputat tumandagi mahallalarda, magistral yo‘l chetlarida, tashkilotlar hududlarida turli mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tkazish ishlarida qatnashdi. Bu jarayonda daraxt ekish bo‘yicha "dolzarb 40 kunlik" aksiyasi, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish va shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish reja qilingani odamlarga keng tushuntirildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA