Ona va bola salomatligi yo‘lida
Mamlakatimizda aholi salomatligini saqlash, xususan, ona va bola sog‘ligini muhofaza qilishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi xayrli ishlarni amalga oshirishda xorijiy davlatlar bilan olib borilayotgan hamkorlik aloqalari o‘z samarasini bermoqda.
Jumladan, Belarus Respublikasining Minsk viloyati tug‘ruqxonasi ginekologiya bo‘limi mudiri, malakali shifokor Tatyana Tachuk yurtimizga tashrif buyurdi.

Xorijlik yetakchi mutaxassis Namangan shahridagi tibbiyot muassasalarida tajriba almashish maqsadida faoliyat yuritishi asnosida mahalliy shifokorlar bilan birgalikda o‘ndan ziyod jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazib, ularga zamonaviy uslublar va yondashuvlarni o‘rgatdi.

Belorussiyalik shifokor Namangan viloyatidagi tibbiyot muassasalarida yaratilgan shart-sharoitlarni yuqori baholab, jahon talablariga javob beradigan barcha imkoniyatlar mavjudligini e’tirof etdi. Jarrohlik amaliyotlarida ona va bola hayotini saqlab qolishda yanada samarali bo‘lish uchun qo‘shimcha tibbiy uskunalardan foydalanish borasida o‘z takliflarini ham bildirdi.

Namangan shahar hokimi Anvar Otaxo‘jayev tajribali mehmon bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tibbiyotni rivojlantirishni yuqori bosqichga olib chiqishga qaratilgan taklif va tashabbuslar inobatga olinishini, bu borada barcha imkoniyatlar hozirlanishini ta’kidladi.
Qayd etish joizki, bundan avval Namangan shahar 2-sonli tug‘ruq kompleksining 15 nafar ginekolog shifokorlari Minsk viloyati tug‘ruqxonasida o‘z malakasini oshirib qaytgan edi. Ikki tomonlama ushbu amaliy hamkorlik ikki mamlakat tibbiyot xodimlari o‘rtasidagi o‘zaro tajriba almashuvini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA