Ona tabiat muhofazasiga mas’ulmiz
Surxondaryo viloyat prokuraturasi hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi “Ekologiya sohasida qonunchilikni ta’minlash, ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish, sohadagi mavjud muammolarni hal etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar" mavzuiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazdi.
Tadbirda viloyat prokuraturasining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi prokurori Turg‘un Qoraqulov, viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Qahramon Bo‘riyev, "Surxon" davlat qo‘riqxonasi direktori Rustam Turdiyevlar sohada qonunchilikni ta’minlash, ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish va yuzaga kelayotgan muammolar yechimini topish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar xususida atroflicha fikr yuritdi.

Ta’kidlandiki, viloyatda oltita davlat o‘rmon xo‘jaligi mavjud. O‘rmon fondining bir qism yer maydonlari ijaraga berilgan. O‘tgan yili va joriy yilning o‘tgan davrida prokuratura organlari mazkur yo‘nalishda 9 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Jumladan, “Bobotog‘” davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida o‘rmon fondining 20 ming gektar yerlari ko‘zdan kechirilganda 1 ming 210 gektar maydonda tabiiy holda o‘sgan 19 ming 253 tup tojik kavragi kesilib, tabiatga 9 milliard 530 million so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani aniqlangan. Holat yuzasidan tegishli jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, uning 4 milliard 464 million so‘mi undirilishi ta’minlangan.

Mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy e’lon qilingan bo‘lsa-da, vohada hanuz bu borada ham g‘ayriqonuniy ishlarga qo‘l urilayotganiga duch kelinmoqda. Mazkur yo‘nalishda 4 ta holatda jinoiy ish qo‘zg‘atilgani bunga yaqqol misoldir. Masalan, Oltinsoy tumanidagi Qorliq qishlog‘i hududidan o‘tuvchi “Xidirsho” kanalining PKO+00 dan PK+22+40 gacha qismi inshootlarini rekonstruksiya qilish ishlarini olib borish jarayonida o‘zboshimchalik bilan 18 tup qimmatbaho hamda 153 tup kam qimmatli 171 tup manzarali va mevali daraxt kesilib, o‘simlik dunyosiga 903 million 580 ming so‘m moddiy zarar yetkazilgan.

Anjumanda prokuratura organlari tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi, chiqindilar bilan ishlash, iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi yo‘nalishi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida ham atroflicha ma’lumot berildi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining davlat inspektorlari joriy yilning birinchi choragida tabiatni muhofaza qilish sohasiga oid qonun va qarorlar ijrosi yuzasidan olib borgan nazorat tadbirlari chog‘ida 878 nafar huquqbuzarga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atib, 782 million 400 ming so‘m miqdorida jarima va 42 holatda 258 million 300 ming so‘m tabiatga yetkazilgan zarar hisoblagan. 950 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxsga sohaga oid profilaktik tadbirlar o‘tkazgan.

Sodir etilgan huquqbuzarliklarning 334 tasi yoki 123 million 900 ming so‘mligi chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida, 51 million 700 ming so‘mlik 276 tasi atmosfera havosini, 41 million 200 ming so‘mlik 39 tasi suv obyektlarini muhofaza qilish sohalarida aniqlangan. Yerlarni muhofaza qilish sohasida 110 ta huquqbuzarlik aniqlanib, 141 million 700 ming so‘m jarima qo‘llanilgan. 46 holatda aniqlangan yer osti boyliklarini muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun 272 million 300 ming so‘m, o‘simlik dunyosini muhofaza muhofaza qilish yo‘nalishida 69 holatga 138 million 100 ming so‘m, hayvonot dunyosini muhofaza qilishda bitta holat aniqlanib, 3 million 400 ming so‘m va baliqlarni noqonuniy ovlash bo‘yicha uchta huquqbuzarlikka 10 million 200 ming so‘m jarima solingan.
–Bu raqamlar faqat ekonazoratchilar aniqlagan huquqbuzarliklar uchun qo‘llanilgan jarimalardir, –dedi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Q. Bo‘riyev.– Ularning aniqlnmay qolayotgani qancha. Buning uchun ona tabiat oldida barchamiz birdek aybdormiz. Tevarak-atrofni asrab-avaylash, ona tabiat in’om etgan boyliklarga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishni ta’minlash uchun faqat huquq-tartibot idoralari va ekologlar emas, barchamiz birdek javobgar ekanimizni unutmusligimiz kerak. Bu masalada keng jamoatchilik yordamiga tayanishni istaymiz.
Matbuot anjumanida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri