Ombudsmanning yarim yillik faoliyati sarhisobi
2021 yilning birinchi yarmida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 9 ming 632 ta murojaat qabul qilindi.
Murojaatlarning 39,9 foizi fuqaroning shaxsiy huquq va erkinliklariga, 30,4 foizi ijtimoiy, 24 foizi iqtisodiy, 5,1 foizi siyosiy va 0,4 foizi ekologik huquqlarga tegishlidir. Hududlar bo‘yicha eng ko‘p murojaat Toshkent shahri aholisidan bo‘ldi – 1 ming 263 ta.
Murojaatlar mohiyati va mazmunini o‘rganish yakunlari bo‘yicha 983 nafar murojaat etuvchining huquq va erkinliklarini amalga oshirish yuzasidan keyingi chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil huquqiy maslahat va tavsiyalar berildi, shuningdek, tegishliligi bo‘yicha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlarga 2 ming 653 ta xat yuborildi. Parlament nazorati sub’ekti sifatida Ombudsman tomonidan salkam 6 mingta murojaat o‘z ish yurituviga olindi.
O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, murojaatni ko‘rib chiqqan davlat organi belgilangan muddatlarda javob yuborishi, murojaatda ko‘rsatilgan har bir masala bo‘yicha dalil-isbotlarni asoslashi yoki rad etishi shart. Mazkur talablarga rioya qilmaslik takroriy murojaatlar soni oshishiga olib keladi.
Joriy yilning 6 oyi davomida “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunning 16-17-moddalariga muvofiq, Ombudsman tomonidan fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan tavsiyalar berilgan 22 ta xulosa hamda 9 ta taqdimnoma kiritildi va ularning barchasi qanoatlantirildi. Bundan tashqari, sudga 6 ta da’vo arizasi kiritilgan.
Ombudsman tomonidan kiritilgan taqdimnomalar vazirlik va idoralarning kengaytirilgan majlislarida muhokama qilingan. Mazkur muhokamalar yakuni bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash hamda ijro intizomi talablarini buzgan va o‘z faoliyatida mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan 77 nafar xodimga nisbatan “hayfsan”, 6 nafar xodimga nisbatan “jarima” intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan va 5 nafari egallab turgan vazifasidan ozod qilingan.
2021 yilning birinchi yarmida shaxsiy huquq va erkinliklarni amalga oshirish masalasi yuzasidan murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Ombudsman murojaatiga asosan tegishli tashkilotlar tomonidan 13 ta jinoiy, 4 ta ma’muriy va 8 ta intizomiy ish qo‘zg‘atildi, mas’ul mansabdor shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berish uchun 23 ta tekshiruv o‘tkazildi. 16 nafar davlat idoralari xodimi turli darajadagi javobgarliklarga tortildi, sud qarorlariga nisbatan prokuratura organlari orqali 2 ta protest kiritildi hamda murojaat qiluvchilar manfaatlarini ko‘zlab jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi 26 ta qaror bekor qilindi.
Ombudsman xodimlarini sudda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishini so‘rab yozgan murojaatiga asosan hisobot davrida 45 marotaba sud jarayonlarida ishtirok etilgan.
2021 yilning birinchi yarmida Ombudsman manziliga fuqarolarning siyosiy huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq murojaatlar 221 tani tashkil etdi. Kelib tushgan shikoyatlar fuqarolarning davlat organlari va muassasalariga murojaat qilish huquqlari bilan bog‘liq bo‘lib, 99 ta shikoyatda mas’ul mansabdor shaxslar tomonidan e’tiborsiz qoldirilishi, 14 ta shikoyatda ko‘rib chiqish muddatlarining buzilishi va 39 ta shikoyatda davlat organlari va muassasalari javoblarining mazmunidan qoniqmaslik va boshqa holatlar bayon etilgan.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha sudlarga deyarli 98 million so‘m mehnat haqini undirishga qaratilgan 5 ta da’vo arizasi kiritildi. 24 nafar fuqaroga 345,8 million so‘mlik mehnat haqi to‘lanishi ta’minlandi, 10 nafardan ortik fuqaro ishga tiklandi, 2 nafar fuqaroga ish joyida mehnat qobiliyatini yo‘qotganligi uchun 4,4 million so‘mlik sog‘ligiga yetkazilgan zarar undirildi.
Shuningdek, fuqarolarga 108 million so‘mlik kreditlarni rasmiylashtirishda ko‘maklashildi, murojat etuvchilar foydasiga sud qarorlarida belgilangan 164,8 million so‘mlik zarar undirildi.
Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan 9 ta fuqaroga uy-joy ajratilishida yordam berildi, tadbirkorlarga 135 million so‘mlik ortiqcha to‘langan soliq to‘lovlarini qaytarib berishda ko‘mak ko‘rsatilgan.
Joriy yilning 6 oyi davomida oilani himoya qilish bilan bog‘liq 142 ta murojaat kelib tushgan. Shulardan 62 tasida oiladagi zo‘ravonlik, 5 tasida bolalarning boshqa ota yoki onaga berilganligi, 3 tasida turmush o‘rtog‘ining yaqin qarindoshlari tomonidan tahqirlanishi va 72 tasida boshqa holatlar ta’kidlangan.
Ombudsman hamda Ombudsman huzuridagi milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat ko‘rsatuvchi jamoatchilik guruhi vakillaridan iborat ekspert guruhi tomonidan 2021 yilning birinchi yarmida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 71 marotaba monitoring tashrifi amalga oshirildi.
Joriy yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida ikki yarim mingdan ortiq mahkum bilan jamoaviy uchrashuvlar hamda 667 nafar mahkum bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazildi.
O‘tkazilgan monitoring tashriflari davomida mahkumlarni qamoqda saqlash sharoitlari, ya’ni yashash va ovqatlanish, mehnat qilish va tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, mahkumlar uchun olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar hamda koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotganligi, ta’lim-tarbiya berish va boshqa shu kabi holatlar o‘rganildi.
2021 yilning birinchi yarmida Ombudsmanga harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylardagi shaxslardan hamda ularning yaqin qarindoshlaridan 1 ming 173 ta murojaat kelib tushdi. Fuqarolar murojaatlarining 492 tasi sud hukmidan, 281 tasi surishtiruv va dastlabki tergov harakatlarining borishidan shikoyat qilgan.
Hisobot davrida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti, Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi va “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlik memorandumi imzoladi.
N.Nasriyev, O‘zA