Ombudsman tergov hibsxonasidagi sharoitni o‘rgandi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili Gulnoraxon Abduvohidova Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti 3- sonli tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlar, xususan, anomal sovuq hukm surayotgan ayozli kunlarda mahbus va mahkumlar saqlanayotgan xonalarning isitilishi holati bilan tanishdi.
O‘rganish jarayonida tergov hibsxonasi umumiy isitish tizimi orqali tabiiy gaz bilan isitilayotganligi, xonalardagi issiqlik va mahkumlarga yaratilgan sharoitlar belgilangan talablar darajasida tashkil etilganligi ma’lum bo‘ldi.

–Muassasada istish tizimi uzluksiz ishlashini ta’minlash va nazorat qilib borish uchun mas’ul xodimlar biriktirilgan, – deydi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili Gulnoraxon Abduvohidova. – Ular tomonidan sutkalik navbatchilik jadvali asosida isitish tizimining mo‘’tadil ishlashi nazorat qilib borilmoqda.
O‘rganish davomida hibsxonada mahkumlar saqlanayotgan xonalar issiqligi belgilangan darajada ekanligi, shuningdek, mahbus va mahkumlar bilan bevosita suhbatlarda ularning muassasada yaratilgan sharoitlardan hech qanday e’tirozlari yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, hibsxonadagi qisqa muddatli uchrashuv xonasi, advokat va tergovchilar uchun ajratilgan xonalar ham doimiy ravishda isitilmoqda.
Suhbatlar jarayonida mahbuslarning sud jarayonlari yuzasidan savollariga tegishli huquqiy tushuncha va tavsiyalar berildi.
F. UBAYDULLAEV, O‘zA