Ombudsman ko‘magida bemorga 28,5 million so‘m ajratildi
Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga fuqaro Ya.S. akasi Ya.N.da o‘tkir yurak xastaligi aniqlangani va uni davolashga yordam zarurligi haqida murojaat qilgan.
Murojaat muallifining yozishicha, bemorda zudlik bilan jarrohlik amaliyoti o‘tkazilmasa, ahvoli og‘irlashishi mumkin. Bemorning ijtimoiy ahvoli og‘ir bo‘lgani sababli uning o‘zida davolanishga mablag‘ yo‘q.
Mazkur murojaat Ombudsmanning Samarqanddagi mintaqaviy vakili tomonidan o‘rganildi. Mintaqaviy vakilning murojaati asosida bemorga viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan jarrohlik amaliyoti uchun order berildi.
Shuningdek, Narpay tumani hokimiga murojaat qilinib, bemorni “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Temir daftar”ga kiritish va unga xarajatlari uchun mablag‘ ajratish tavsiya etildi.
Natijada Ya.N.ga 21,5 million so‘m ajratildi. Bundan tashqari, viloyat kardiologiya dispanseri tomonidan bemorning to‘liq davolanish uchun 7 million so‘mlik xarajatlari ham qoplab berildi.
O‘zA