“Ombudsman klubi”ga a’zo eng faol talabalar taqdirlandi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) va Toshkent davlat yuridik universiteti o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Mazkur uchrashuv “Ombudsman klubi”ga a’zo bo‘lish istagida bo‘lgan talabalarni Ombudsman faoliyati bilan yaqindan tanishtirish va ular bilan o‘zaro fikr almashish hamda faol klub a’zolarini taqdirlash maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuvda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova talabalarga Ombudsman institutining asosiy faoliyat yo‘nalishlari bilan tanishtirdi.
Ta’kidlanishicha, hozirda dunyoning 200 ga yaqin mamlakatida Ombudsman instituti joriy etilgan va ular mustaqil tashkilot sifatida faoliyat yuritadi.
MDH davlatlari orasida esa O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib 1995 yil 23 fevral kuni Ombudsman instituti joriy etilgan.
O‘tgan davr mobaynida Ombudsman ko‘plab fuqarolarning, jumladan, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘ldi.
Bir qancha xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi
Ombudsman – bu mamlakatdagi inson huquqlarining buzilishiga oid masalalar haqida bong uradigan mustaqil tashkilot hisoblanadi. Qonun buzilishiga oid holatlar esa fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar tahlili asosida aniqlanadi.
Tashkilot vazifasi nafaqat murojaatlarni ko‘rib chiqish, balki masalalarni keltirib chiqarayotgan sabablarni aniqlash va ularni tizimli bartaraf etishdir.
Ombudsmanning qonunchilik tashabbusi huquqi esa qonun hujjatlarida aniqlangan bo‘shliqlarni to‘ldirishda muhim vosita hisoblanadi.
Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari va magistrlari ishtirok etgan ochiq muloqot savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi.
Samimiy ruhda o‘tkazilgan uchrashuv “Ombudsman klubi”ga a’zo eng faol talabalarga faxriy yorliqlar topshirildi.
O‘zA