Ombudsman amaliy yordam ko‘rsatdi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani, Bog‘aro mahallasida yashovchi fuqaro yashash sharoiti og‘irligi sabab farzandlarini “Yoshlar daftari”ga kiritish hamda qizi va nabiralari boquvchisi bo‘lmagani sababli ularning uy-joyini ta’mirlashda yordam so‘ragan.
Murojaatchining yozishicha, pandemiya sharoitida qaramog‘idagi 5 nafar farzandi va nabiralari og‘ir ahvolga tushib qolgan. Ish joyi bo‘lmagani uchun 2 nafar farzandi poytaxtga qatnab, yollanma ishchi sifatida ishlashga majbur.
Murojaat Ombudsman nazoratiga olinib o‘rganilganda, murojaatchi 2020 yilda pandemiya tufayli daromadini yo‘qotgan oila sifatida “Temir daftar”ga kiritilgani va unga bir bosh qoramol berilgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, farzandlari ham “Yoshlar daftari”ga asbob-uskunalar, mehnat qurollari uchun subsidiya ajratilishi istagini bildirgan yoshlar sifatida ro‘yxatga olingan.
Ombudsman aralashuvi bilan murojaatchining farzandlariga doimiy daromadga ega bo‘lishi uchun “Yoshlar jamg‘armasi” hisobidan subsidiya asosida tikuv mashinasi berildi.
Shuningdek, murojaatchining boquvchisini yo‘qotgan qizi va nabiralarining uyini ta’mirlash uchun 1 tonna sement va 50 dona shifer xom ashyosi moddiy yordam sifatida berilgan.
N.Usmonova,O‘zA