Oltinsoylik eng faol mahalla raislari taqdirlandi
Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida eng faol va tashkilotchi mahalla raislarining mehnati munosib rag‘batlantirildi.
Tuman hokimi o‘rinbosarlari, mahallalar raislari, tashkilot va korxonalar rahbarlari ishtirok etgan tadbirda tuman hokimi Bahrom Maxmatrayemov mahalla raislari va mahalla yettiligining vazifalari haqida atroflicha fikr yuritdi. Mahalla obodligini ta’minlashda aholining faol ishtiroki va mas’uliyatini oshirish, hududni ko‘kalamzorlashtirish, milliy qadriyatlar, urf-odat va an’analarni targ‘ib qilish, sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni saqlash, to‘y-marosimlarni isrofgarchiliklarsiz ixcham o‘tkazish, hududni har taraflama rivojlantirish, aholi muammolarini hal etish kabi masalalarda fidoyilik namunalarini ko‘rsatish uchun mahalla yettiligi bilan samarali faoliyat yuritish lozimligi qayd etildi. Mahalla hududida qonunchilik hujjatlari ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, ta’lim, tibbiy xizmat, sport, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalariga rioya etilishini nazorat qilishni kuchaytirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Tumanda 54 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud. Joriy yil may-iyun oylarida bo‘lib o‘tgan saylovlarda ochiq va oshkoralik asosida barcha mahalla raislari saylab olindi. Ayni paytda yangi saylangan raislar o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni sharaf bilan bajarish uchun samarali mehnat qilmoqda.

Tadbirda hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika va soliq inspektorlari, ijtimoiy xodimni yagona maqsad yo‘lida birlashtirib, hududni har tomonlama rivojlantirishga intilayotgan 11 ta eng faol mahalla fuqarolar yig‘ini raisi tuman hokimining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri