Oltinsoyda yangi dam olish maskani barpo etilmoqda
Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumani betakror tabiat manzaralari, sarxil mevalari, shifobaxsh suvi, muqaddas qadamjolari bilan boy turistik salohiyatga ega. Xo‘jaipok oltingugurtli shifobaxsh suvi, boldek shirin uzumlari, So‘fi Olloyor, Mavlono Zohid kabi buyuk ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan maskanlari nafaqat mamlakatimiz balki, dunyo ahlida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Mamlakatimizda keyingi yillarda turizmni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor tadbirkorlarni maftunkor go‘shaning sayyohlik salohiyatidan oqilona foydalanib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishiga qulay imkoniyat yaratdi. Tumandagi “GARDEN TREVEL” mas’uliyati cheklangan jamiyati Vaxshivor tog‘ tizmalari qo‘ynidagi faoliyati to‘xtab qolgan “Chinorbuloq” yozgi oromgohini qayta rekonstruksiya qilib, so‘lim dam olish maskaniga aylantirishga bel bog‘ladi. Buning uchun dastlabki bosqichda shinam, ozoda yotoqxonalar, supa va so‘rilar, basseyn barpo etdi.

– Bu yerga kelgan kishining so‘lim va maftunkor tabiat manzarasi, ziloldek buloq suvi, shifobaxsh giyohlar iforidan ham ko‘ngli orom topadi, – deydi “GARDEN TREVEL” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari S.Mirzayev. – Bunyodkorlik ishlari to‘liq yakunlangach, yiliga 500 dan ortiq kishi maroqli dam olib, sog‘ligini tiklash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shu maqsadda bu joyning qiyofasini tubdan o‘zgartirib, mahalliy va xorijlik sayyohlarga xizmat ko‘rsatadigan ajoyib go‘shaga aylantirmoqchimiz.


Joriy yilda yangi dam olish maskani qurilishi uchun 1 milliard 100 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanib, 15 ish o‘rni yaratildi. Bunyodkorlik ishlari davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA