Oltinsoyda piyoda yurish marafoni o‘tkazildi
Dunyo hamjamiyati 73 yildan buyon har yili 7 aprelni Umumjahon sog‘liqni saqlash kuni sifatida nishonlab keladi.
Mazkur sana munosabati bilan bugun Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida “Sog‘lom hayot sari 5000 qadam” piyoda yurish marafoni bo‘lib o‘tdi.

Erta tongdan tuman markazida tibbiyot birlashmasi, maktab va maktabgacha ta’lim, turizm hamda madaniyat bo‘limlari xodimlari, sportchilar, o‘qituvchilar, Bo‘ston, Qoratepa mahallalari nuroniylari jam bo‘ldi.

Marafon ishtirokchilari tuman markazidan Boysun-Denov katta yo‘l traktigacha bo‘lgan yo‘lda qariyb besh kilometr masofani piyoda bosib o‘tdi. Mutaxassislar erta tongda piyoda yurishning sog‘lom hayot kechirishdagi o‘rni, salomatlikni tiklashdagi ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berdi. Sog‘lom turmush tarzi keng targ‘ib qilindi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri