Oltinko‘lda Ma’naviyat va ma’rifat maskani ish boshladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 martdagi "Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tuman axborot- kutubxona markazi binosida tashkil etilgan Ma’naviyat va ma’rifat maskani tumanda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlar qalbi va ongida ma’naviy fazilatlarni yuksaltirish, oila va mahallalarda hamjihatlikni mustahkamlash ishlari samaradorligini oshirishga yordam beradi.
Tuman faollari, keng jamoatchilik vakillari, nuroniylar, ma’naviyat targ‘ibotchilari ishtirokida Ma’naviyat va ma’rifat maskani ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olgan Ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyati bo‘limi rahbari Abdulhamid Nurmatov, tuman hokimi o‘rinbosari Faxriddin Parpiyev, siyosatshunos, iqtisodchi olim Narzulla Oblamurodov, O‘zbekiston Qahramoni Shukurjon Mamatqulov va boshqalar mamlakatimizda keyingi yillarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, soha faoliyatini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.
[gallery-14435]
– Yig‘ilish, uchrashuv va seminarlar o‘tkazishga mo‘ljallangan zal, kutubxonaga ega maskanimizda qator qulayliklar yaratilgan, – deydi Ma’naviyat-ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi bosh mutaxassisi Maftuna Yusupova. – Markazimiz ma’naviyatchilarning samarali faoliyat yuritishi, o‘zaro tajriba almashishiga xizmat qiladigan gavjum maskanlardan biriga aylanadi.
Tadbir doirasida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Zakovat” bilimlar bellashuvi, sport musobaqalari, tuman ijtimoiy- iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy rivojiga munosib hissa qo‘shgan va qo‘shib kelayotgan faxriylar, faollar hamda yoshlar ishtirokida uch avlod uchrashuvi tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbir nihoyasida saxovatli tadbirkor tomonidan tumandagi 25 nafar imkoniyati cheklangan fuqaroga nogironlik aravachalari sovg‘a qilindi. Ana shunday xayrli ishlar bilan faoliyat boshlagan Ma’naviyat va ma’rifat maskani tumanda nafaqat ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga, balki odamlar o‘rtasida mehr-oqibat, saxovat rishtalarini yanada mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari