“Oltin izlovchilar” yerga qanday ega bo‘ladi?
Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishni istaganlar uchun elektron onlayn-auksion orqali 2019 yil aprelidan buyon 191 ta yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqi realizatsiya qilingan va litsenziyalar rasmiylashtirib berildi. Bu raqamlar asosan Navoiy va Samarqand viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda.
Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishni istaganlar uchun elektron onlayn-auksion orqali 2019 yil aprelidan buyon 191 ta yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqi realizatsiya qilingan va litsenziyalar rasmiylashtirib berildi. Bu raqamlar asosan Navoiy va Samarqand viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda.
Ushbu savdoga faoliyatga Prezidentimizning 2018 yil 26 noyabrdagi “Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Unga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarga o‘lchamlari 1 gektardan ortiq bo‘lmagan sochma oltin konlari taqdim etilishi hamda ushbu faoliyatni amalga oshirish uchun yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida realizatsiya qilinishi belgilangan.
Shu tartibda “E-IJRO AUKSION” elektron maydonchasida o‘tkaziladigan savdolarda yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun 10 kun muddatda litsenziyalar berishning shaffof mexanizmi ishlab turibdi, –deydi Davlat geologiya qo‘mitasi mutaxassisi Sh. Xidirov.
Ushbu litsenziyaning amal qilish muddati 3 yil bo‘lib, yer qa’ri uchastkasining boshlang‘ich narxi 7,5 million so‘m etib belgilangan. Qazib olingan qimmatbaho metallarni qabul qilish uchun Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari va zargarlik korxonalarida kassalar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, narxlash va sotib olish mexanizmi yaratildi. Bunda xomashyo narxi, qimmatbaho metall miqdori va ularning qayta ishlash xarajatlari hisobga olinadi.
Ayni vaqtda qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun 2020 yilda foydalanishga beriladigan yer qa’ri uchastkalarining ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lib, Vazirlar Mahkamasi farmoyishi shaklida tasdiqlanishi kutilmoqda. Unda 400 ortiq yer qa’ri uchastkasi bo‘lib, shundan Navoiy viloyatidagi Navbahor, Xatirchi va Nurota tumanlari, Samarqand viloyatidagi Qo‘shrabot va Paxtachi tumanlari hududida 111 ta yer qa’ri uchastkasi ko‘rsatilgan.
Qayd etish kerakki, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati mamlakatimizda yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish va tadbirkorlikning yangi yo‘nalishi sifatida rivojlanishiga imkoniyat yaratadi. Oltin izlovchilar yerdan foydalanishining 3 yillik muddat tugagandan so‘ng ularni qayta tiklash va zaxira fondiga qaytarishi shart.