Oltin izlovchilar faoliyati takomillashtiriladi
Mamlakatimizda oltin izlovchilar faoliyati bo‘yicha hozirgi kungacha 56 ta (21 ta jismoniy, 35 ta yuridik shaxs) tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritadi. Ular tomondan 191 uchastka (Navoiyda 142 ta, Samarqandda 50 ta) auksion orqali yutib olingan.
Faoliyat bilan shug‘ullanish davrida qo‘lga kiritilgan sof oltin NGMK qabul kassalariga topshirilgan va ularga qabul kassalari tomonidan 30 milliard so‘mdan ziyod pul mablag‘lari to‘lab berilgan.
Bu haqda O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokidagi matbuot anjumanida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Qayd etilishicha, oltin izlovchilar faoliyatini har yili Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan yer qa’ri uchastkalarida amalga oshirish mumkin. 2019 yilda onlayn-auksion orqali Samarqand va Navoiy viloyatlaridagi jami 191 ta yer qa’ri uchastkasi tadbirkorlar tomonidan yutib olingan va hozir o‘z faoliyat ko‘rsatmoqda.
Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida davlatimiz rahbarining 2018 yil 26 noyabrdagi “Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
[gallery-3396]
Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qaror loyihalari ishlab chiqilgan. Qaror loyihalariga talabgorlar uchastkalarni birlamchi o‘rganishi uchun auksionni o‘tkazish muddatini hozirgi 4 kundan 15 kunga uzaytirish, auksionga qo‘yiladigan yer qa’ri uchastkasi maydonining hozirgi 1 gektar cheklovini 5 gektargacha oshirish, oltin izlovchilar tomonidan sochma oltinga istiqbolli uchastkalarda xavfsiz chuqurlikkacha faoliyatni amalga oshirish, uchastkalarni auksionga chiqarishda tezkorlikni ta’minlash uchun ularning ro‘yxatini tasdiqlash kabi vazifalarni Vazirlar Mahkamasidan Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga yuklash taklifi va boshqa bir qancha qulayliklar kiritilgan.
Shu bilan birga, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi bo‘yicha “E-AUKSION” elektron savdo maydonchasida o‘tkaziladigan savdolarda ustav kapitali O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan jismoniy shaxsning ulushi 70 va undan ortiq foizga ega bo‘lgan yuridik shaxslar ishtirok etishi tegishli hujjatlar bilan belgilab qo‘yilgan.
Joriy belgilangan tartiblar asosida Navoiy viloyati bo‘yicha 71 ta, Samarqand viloyatida 9 ta, jami 234,4 gektar yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi bo‘yicha “E-AUKSION” elektron savdo maydonchasi realizatsiya qilinishi rejalashtirilgan.
Hozirgi kunda «E-AUKSION» elektron savdo maydonchasiga Samarqand va Navoiy viloyatlari hududidan 14 ta (32,7 gektar) yer qa’ri uchastkasi talabgorlar uchun taklif qilingan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA