Olti oyda 8 ming 570 km yo‘llar rekonstruksiya qilingan
AOKAda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Mutaxassis ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil davomida sohada tasdiqlangan dasturlar doirasida yanvar-iyun oylarida 4 trillion 475 milliard so‘m miqdorida ishlar bajarilib, 8 ming 570 km yo‘llar rekonstruksiya qilingan va ta’mirlangan.
Jumladan, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 1 trillion 494 milliard so‘m miqdorida ishlar bajarilgan va 124,2 km avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilingan. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va saqlash bo‘yicha 1 trillion 614 milliard so‘mlik ishlar bajarilgan va 4 ming 438 km yo‘llarning sifati yaxshilangan.
Qayd etilishicha, “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida 106,6 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 223 km ichki yo‘llar ta’mirlanishiga erishilgan. Bundan tashqari, ichki yo‘llarda 3 ming 689 km tuproq yo‘llar shag‘allashtirilgan.
Investitsiya dasturi doirasida xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan 6 ta loyiha bo‘yicha 99,9 million dollar o‘zlashtirilib, 96 km avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilingan.
Qo‘qon va Zomin shaharlaridagi aeroportlarning uchish-qo‘nish yo‘laklari to‘liq rekonstruksiya qilinib, aeroportlar foydalanishga topshirilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda uzunligi 20 kmgacha (jami 260 km) bo‘lgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlariga autsorsing asosida xususiy sektor jalb qilingan.
Yuk avtomobillarining vazn parametrlarini nazorat qilish maqsadida hududlarda 26 dona ko‘chma tarozilar faoliyati yo‘lga qo‘yildi hamda hududlarda bugungi kunga qadar 2 ming 984 nafar aholi va yo‘l ishchilariga 2,1 million donadan ortiq daraxt va terak ko‘chati o‘zaro manfaat asosida ijaraga berildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA