Olmazor tumanida ilk innovatsion svetofor o‘rnatildi
Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 15-umumta’lim maktabi yonidagi piyodalar o‘tish yo‘lagiga ilk innovatsion svetofor o‘rnatildi. E’tiborli jihati shundaki, piyodalarga qulaylik yaratish hamda ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida o‘rnatilgan ushbu svetofor inson omilisiz, sensorda boshqariladi.
Mazkur ko‘chada transport vositalari juda ko‘p harakatlanadi. Bundan tashqari, hududda maktabgacha ta’lim muassasasi va maktab joylashgan bo‘lib, bolalar yo‘lning ayni shu qismidan o‘tishi kerak. Ming afsuski, gohida piyodalar yo‘lning belgilanmagan qismlaridan kesib o‘tishi, gohida haydovchilarning tezlik qoidalariga amal qilmasligi natijasida noxush hodisalar yuz berib turadi.
Toshkent shahar IIBB YHXBdan ma’lum qilishlaricha, ushbu innovatsion svetoforning o‘rnatilishi piyoda, ayniqsa, bolalarning yo‘llardagi xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi. Yo‘lakchaga kelishingiz bilan sensor moslama ishga tushadi va avtomobillar uchun qizil chiroq yonadi. Bu texnologiyada inson omili ishtirok etmaydi.
Shahardagi ayrim joylarda piyodalar o‘tish joyi tugmalar orqali boshqarilishini ko‘rish mumkin. Bu ayrim fuqarolar tomonidan tugmalar doimiy bosib turilishi yoki faqat yashil chiroq yonib turishi uchun tugmachani bog‘lab qo‘yish holatlari kuzatilmoqda. Innovatsion svetofor esa sensor orqali boshqariladi. Piyodalar o‘tish yo‘l belgilari ham LED lampalari orqali yoritiladi.
Mazkur svetofor kunduzi quyoshdan quvvat oladi. Olgan quvvati tun bo‘yi bemalol yetadi. Bundan tashqari, qo‘shimcha o‘rnatilgan chiroqlar haydovchilarni hushyorlikka chorlaydi. Bu esa piyodalar ishtirokidagi turli xil xavf-xatarlarning oldini olishga yordam beradi.
Mutaxassislarning aytishicha, kelgusida mazkur loyihani aholi gavjum joylarga keng tatbiq etish ko‘zda tutilmoqda.
Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA