Oliygohda ma’lumotlar markazi faoliyat ko‘rsatmoqda
Hozirgi vaqtda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talabalarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish borasida samarali ishlar olib borilmoqda.
Xususan, talabalarni turar joy bilan ta’minlashda navbatlarning hamda o‘quv yili boshlanishi arafasida talabalarning turar joysiz qolish holatlarining oldini olish maqsadida ma’lumotlar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu markazda institutning talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtirish bo‘limi mutaxassislari, tyutorlar va ko‘ngillilar tomonidan turar joyga muhtoj bo‘lgan talabalarni yotoqxona hamda ijara uylar bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy yordam berilmoqda.

Institutda yangi o‘quv yili arafasida Nukus shahrida talaba-qizlar uchun 1 ming 76 o‘rinli, o‘g‘il talabalar uchun 93 o‘rinli, Ellikqal’a tumanida 225 o‘rinli talabalar turar joyi tayyor holatga keltirildi. Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida uch joyda – 100, 400 va 362 o‘rinli talabalar turar joyi yangi o‘quv yiliga talabalarni qabul qilmoqda. Shu bilan birga, institut atrofidagi mahallalarda 500 dan ortiq ijara uyning sharoiti o‘rganilib, yangi o‘quv yiliga tayyorlab qo‘yildi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, Vazirlar Mahkamasining qarori asosida tasdiqlangan reglamentga muvofiq, talabalarning yotoqxonalarga joylashish bo‘yicha arizalari joriy yilning 1-avgust kunidan boshlab Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – my.gov.uz orqali qabul qilinmoqda. Reglament asosida dastlab imtiyoz va ustunlikka ega nomzodlar talabalar turar joylariga qabul qilinadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri